18 iyulga o‘tar kechasi Ukraina Rossiyadagi Wildberries marketpleysining ikkita omboriga hujum qildi – bu omborlarda dronlar uchun ehtiyot qismlar saqlangani bilan izohlangan. Zarbalar oqibatida sakkiz kishi halok bo‘lib, 80 dan ortiq kishi jarohat olgan. Omborlarga va ularda saqlangan mahsulotlarga yetkazilgan zarar miqdori hozircha noma’lum – buni hisoblab chiqishga kamida bir oy vaqt ketadi. Ammo Forbes (shuningdek, «Kommersant» va «Vedomosti») ekspertlarga tayanib, Wildberries va uning sotuvchilari qancha yo‘qotganini baholashga harakat qildi. Xulosa shunday: sotuvchilar ko‘rgan zarar marketpleysning o‘zi ko‘rgan zarardan ancha ko‘p, platformadan to‘liq kompensatsiya olish imkoniyati esa juda kam.

Wildberries qancha yo‘qotgan bo‘lishi mumkin?

Kompaniyaning Moskva oblasti Elektrostal shahridagi ombori (250 ming kvadrat metr maydonni egallagan bu ombor Wildberries’ning eng yirik logistik markazi edi), shuningdek, Tambov oblasti Kotovsk shahridagi ombori (108 ming kvadrat metr maydonga ega, o‘tgan yili ochilgan) Ukraina qurolli kuchlari zarbasi ostida qoldi.

Ekspertlarning baholashicha, Elektrostal va Kotovskdagi omborlar Wildberries ombor maydonlarining 6,5 foizidan 9 foizigacha bo‘lgan qismini tashkil etadi. Bu maydonlar vayron qilinishi marketpleys faoliyatini falaj ahvolga solib qo‘ymaydi, ammo uning logistik tarmog‘iga yuklamani oshirishi mumkin. Shu bilan birga, xaridorlar uchun yetkazib berish muddatlari ancha kechikib ketishi dargumon:  Wildberries ko‘plab saralash markazlariga ega va bu yo‘nalishlarni tezda qayta ko‘rib chiqish imkonini beradi.

«Kommersant» va Forbes manbalarining hisob-kitoblariga ko‘ra, omborlarning har bir kvadrat metrini tiklash xarajati 60 mingdan 100 ming rublgacha tushishi mumkin, bu esa jami xarajat 22 milliarddan 36 milliard rublgacha bo‘lishini anglatadi. Taqqoslash uchun: Wildberries’ning 2025 yildagi sof daromadi 175 milliard rublni tashkil etgan.

Yonib ketgan omborlar uchun sug‘urta rasmiylashtirilgani aniq emas. Bozordagilar aytishicha, Wildberries odatda o‘z ob’yektlarini sug‘urtalamaydi. Ammo kompaniya sug‘urtasiz ham zararni mustaqil ravishda bartaraf eta oladi – ayniqsa Elektrostal va Kotovskdagi omborlarga qilingan hujumlar logistika jarayonlarining jiddiy va uzoq muddatli buzilishiga olib kelmasa.

Aftidan, Wildberries ishdan chiqqan omborlarini imkon qadar tezroq qayta ishga tushirishga intilmoqda – Kotovskdagi ombor (u yerda yong‘in oqibatida yetti kishi halok bo‘lgan, ammo yong‘in tezroq o‘chirilgan) 23 iyuldayoq, ya’ni hujumdan besh kun o‘tib faoliyatini tiklaydi. Elektrostaldagi ombor qayta ochilishi hozircha noma’lum. Bu ombordagi yong‘in faqat 21 iyulga kelib to‘liq o‘chirildi.

Sotuvchilar qancha zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkin?

2024 yilda Wildberries’ning Leningrad oblasti Shushari posyolkasidagi ombori yonib ketgandi. O‘shanda kompaniya mahsulotlarini ushbu omborda saqlagan sotuvchilar uchun 35 milliard rubllik kompensatsiya pulini to‘lab bergandi. Hozir esa yetkazilgan zarar miqdori ancha katta – Data Insight tadqiqot agentligi tahlilchisi Sergey Semko Frobes bilan suhbatda aytishicha, sotuvchilarning Elektrostal va Kotovskdagi omborlarda saqlangan jami mahsulotlari bahosi 150–235 milliard rubl atrofida bo‘lgan, saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan mahsulotlar qiymati 150–170 milliard rublni tashkil etishi mumkin.

Kompaniya rasmiy jihatdan sotuvchilarning zararini qoplab berishga majbur emas. 7 iyul kuni – omborlarga hujumdan 11 kun oldin – Wildberries sotuvchilar bilan kelishuvi shartlariga o‘zgartirish kiritib, «fors-major holatlar» uchun javobgarlikni o‘z zimmasidan soqit qilgan, dronlar hujumi ham shunday holatlarga kiradi.

Mahsulotlarini Elektrostal va Kotovskdagi omborlarda saqlagan sotuvchilarning qanchasi shartnomaning yangi shartlarini qabul qilgani noma’lum. Qabul qilganlarning suddagi imkoniyati minimal darajada. Yangi shartlarga rozilik bermagan yoki mahsulotlarini hujjat qabul qilinishidan oldin omborga olib kirganlarning imkoniyati yuqoriroq, ammo ular uchun ham kafolat yo‘q, deb hisoblaydi advokat Konstantin Stepanov. «Shagi» yuridik kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Andrey Sharkovning ta’kidlashicha, shartnoma o‘zgarishidan oldin ham sud dronning to‘g‘ridan to‘g‘ri kelib urilishini Fuqarolik kodeksi normalari asosida fors-major holati deb topishi ehtimoli yuqori edi. Biroq, Sharkovning so‘zlariga ko‘ra, sotuvchilar sudda Wildberries mahsulotlarni himoya qilish uchun yetarli choralar ko‘rmaganini isbotlasa, zararning bir qismi qoplanishiga erishishi mumkin.

Umbrella Consulting Group kompaniyasi boshqaruvchi hamkori Kirill Agapovning ta’kidlashicha, Wildberries uchun kompensatsiyalar – nafaqat pul, balki obro‘ masalasi hamdir. Ehtimol, shuning uchun ham marketpleys omborlarga qilingan hujumdan jabrlanganlarga yordam va’da qildi va sotuvchilarga qo‘llab-quvvatlov choralarini taklif etdi. Ammo ular uchun bu to‘g‘ridan to‘g‘ri kompensatsiyalar emas, balki chegirmalar, jarimalarni vaqtincha bekor qilish va kreditlar bo‘yicha yordamdir. Forbes nashri hisoblashicha, sotuvchilar yonib ketgan mahsulotlar uchun zarar Wildberries tomonidan to‘liq qoplanishiga umid qilishi dargumon: agar 150–170 milliard rubllik baho to‘g‘ri bo‘lsa, Wildberries o‘tgan yilgi foydasining deyarli barchasini kompensatsiya uchun sarflashi kerak bo‘ladi.

Sug‘urta ham yordam berishi dargumon. Wildberries sotuvchilari uchun sug‘urta dasturlari mavjud, ammo ular birinchi navbatda mahsulotning yo‘qolishi, shikastlanishi yoki almashtirilishini qoplaydi. Polis.online sug‘urta xizmati bosh direktori Andrey Kreyerning taxmin qilishicha, Wildberries sotuvchilarining atigi 5–7 foizi sug‘urta polislariga ega va ularning atigi 10–20 foizi diversiya xavfini o‘z ichiga oladi: bunday polislar odatda ancha qimmatroq turadi.

Elektron savdo vakillari assotsiatsiyasi rahbari Aleksey Moskalenkoning aytishicha, sotuvchilar zarar ko‘rgan omborlarni inventarizatsiya qilish ishlaridan keyin Wildberries bilan muzokaralarni boshlaydi. U tomonlar «zararni qoplashning murosali varianti»ni topishiga umid bildirgan. Rossiya Savdo-sanoat palatasi elektron tijorat kengashi rahbari Aleksey Fedorovning fikricha, sotuvchilarga kompensatsiya to‘lash masalasiga davlat ham aralashishi mumkin.