Ukraina 20 iyulga o‘tar kechasi Moskva oblastiga dronlar bilan navbatdagi yopirilma hujumini amalga oshirdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 10 kishi jarohat olgan.
Eng ko‘p jabrlanuvchilar Domodedovo shahrida – yetti kishi. Shundan olti nafari, jumladan, Xitoyning uch nafar fuqarosi shifoxonaga yotqizildi, deb xabar berdi hudud gubernatori Andrey Vorobev. Jabrlanuvchilardan to‘rt nafarida – oskolkali jarohatlar qayd etilgan, 53 yoshli erkakning beli singan, 26 yoshli yigitning tizzasi jarohat olgan. Bundan tashqari, Podolskda ikki ayol jarohat olgan, ularga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Odinsoo okrugida 11 yoshli qizchaga kuchli stress tashxisi qo‘yilgan. Domodedovo shifoxonasidagilar xabar qilishicha, olti kishi kichik jarohatlar bilan olib kelingan.
Vorobev ma’lum qilishicha, dronlar hujumi oqibatida bir nechta xususiy uylar va «fuqarolik infratuzilmasining alohida ob’yektlari» shikastlangan. U shikastlangan ob’yektlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot keltirmagan. Dronlardan biri M-4 trassasiga qulagan. Domodedovo shahar okrugi rahbari Yevgeniya Xrustaleva ma’lum qilishicha, «Janubiy darvoza» («Yujnyye vrata») industrial parki hududida yong‘in chiqqan. Dronlardan yana biri Kurijova ko‘chasidagi uylardan birining yuqori qavatiga urilgan.

Reuters / Scanpix / LETA
Astra nashri ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video va fotosuratlarni tahlil qilgan holda, Podolskda neft bazasi hujumga uchrab, yong‘in chiqqani haqida xulosaga kelgan. «Agenstvo» nashri aniqlik kiritishchia, gap Lvovskiy mikrorayonidagi neft bazasi haqida ketmoqda.
Koledino qishlog‘i (Podolsk shahar okrugi tarkibida) aholisi Wildberries logistika markazida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar bergan. Wildberries matbuot xizmati kompaniya ombori odatdagi rejimda ishlashda davom etayotganini ma’lum qildi. U yerda avvalroq xavfsizlik nuqtayi nazaridan evakuatsiya amalga oshirilgan, biroq xodimlar allaqachon ish joylariga qaytishgan. E’lon qilingan videolarda ombor ustidan uchib o‘tayotgan dronni ko‘rish mumkin. Ukrainaning Exilenova+ telegram kanali yozishicha, omborga hujum qilingan, ammo yong‘in ro‘y bermagan.

Reuters / Scanpix / LETA
«Janubiy darvoza» industrial parkida ham Wildberries ombori mavjud («Lemana Pro», Alibaba Group va boshqa kompaniyalarniki ham), ushbu park hududida ham dronlar hujumi oqibatida yong‘in chiqqan. Rasmiylar bu yerda aynan nima yonganiga aniqlik kiritmagan. «Agenstvo» qayd etishicha, Wildberries ombori kompleksning janubiy qismida joylashgan, yong‘in ham aynan shu tomonda chiqqan.
Ushbu park operatori – Instone Development kompaniyasidir. Ombor Chexiyaning urush boshlanganidan keyin Rossiyadagi aktivlarini sotishga qaror qilgan PPF Real Estate kompaniyasiga tegishli edi. 2026 yil boshida musiqachi (skripkachi) hamda Vladimir Putinning do‘sti hisoblangan Sergey Rolduginning «Talant i uspex» fondi (fond vasiylik kengashiga RF prezidentining o‘zi rahbarlik qiladi) Instone Development’ning asosiy egasiga aylangan.
Moskva shahri meri Sergey Sobyanin 19 iyul kuni soat 20:30 dan 20 iyul kuni ertalabki soat 05:00 gacha Moskva oblasti yo‘nalishida ukrainlarning 400 dan ortiq droni uchib kelgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, dronlarning aksar qismi ancha uzoqdaligida yo‘q qilingan, 85 ta dron esa Moskvaga yaqinlashayotganida urib tushirilgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy hujum yuzasidan izoh berdi:
«Moskva regioni. Logistika ob’yektlari va neft bazasiga uzoq masofali sanksiyalarimizning natijalari bor. Pilotsiz tizimlar kuchlari, razvedka, raketa qo‘shinlari va artilleriya, maxsus operatsiyalar kuchlari jangchilariga rahmat. Chegaramizdan nishonlargacha bo‘lgan masofa 400 kilometrdan ortiq.
Shuningdek, Qora dengiz akvatoriyasida yashirin flotning ikkita tankeri va to‘rtta yuk kemasi nishonga olindi. Rossiyaning shaharlarimiz va oblastlarimizga bergan har bir zarbasiga munosib javob beramiz. Bu urushni yakunlash kerak va bu faqat ushbu urushning yagona sababchisi – Rossiyaga bosimni kuchaytirish orqali amalga oshirilishi mumkin».
Bu ukrain dronlari so‘nggi uch kun ichida Moskva oblastiga uyushtirgan ikkinchi hujum bo‘ldi. Bundan oldingisi 18 iyulga o‘tar kechasi amalga oshirilgandi. O‘shanda Wildberries’ning Elektrostal shahridagi ombori zarba ostida qolgandi – bu ushbu marketpleysning mamlakatdagi eng yirik logistika markazi edi.












