Ukraina Harbiy-dengiz kuchlari (HDK) ma’lum qilishicha, hodisa 19 iyul kuni sodir bo‘lgan. Gvineya-Bisau bayrog‘i ostida harakatlangan Golden Leo kemasi hujum vaqtida Qora dengizdagi jang hududini tark etib, don yuki bilan xavfsiz yo‘nalishga chiqib ketayotgan bo‘lgan.

Ukraina tomonining ma’lumotiga ko‘ra, kema Turkiya kompaniyasiga tegishli bo‘lgan.

Kemada yong‘in yuz berdi

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari kemaga uchta qanotli raketa uchirgan. Zarbalardan biri kemaning o‘ng tomonidagi ustki qismiga tekkan va natijada kuchli yong‘in chiqqan.

Avvaliga besh nafar dengizchining halok bo‘lgani, yana besh nafar ekipaj a’zosining bedarak yo‘qolgani xabar qilingan edi. Keyinroq Ukraina bosh vazirining tiklanish, infratuzilma va transport masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Nikolay Kalashnik qurbonlar soni olti nafarga yetganini, to‘rt kishi esa hali ham bedarak ekanini ma’lum qildi.

Halok bo‘lganlar orasida ukrainalik lotsman ham bor

Hujumdan so‘ng sakkiz nafar ekipaj a’zosi qutqarilib, Odessa shahridagi shifoxonalardan biriga olib ketilgan.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ekipaj tarkibida Suriya va Hindiston fuqarolari ham bo‘lgan. Halok bo‘lganlar orasida ukrainalik lotsman ham borligi tasdiqlangan.

Ukraina: «Bu tinch kemachilikka qarshi terrorchilik harakati»

Ukraina Harbiy-dengiz kuchlari ushbu hujumni harbiy tahdid tug‘dirmagan, xorij bayrog‘i ostidagi qurolsiz fuqarolik kemasiga qarshi qasddan amalga oshirilgan zarba deb baholadi.

Rasmiy Kiyev bu hodisani tinch kemachilikka qarshi terrorchilik harakati va xalqaro gumanitar huquq normalarining qo‘pol buzilishi sifatida baholamoqda.

Kiyev xalqaro hamjamiyatni xabardor qilmoqchi

Ukraina bosh vaziri Sergey Koretskiy mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga hujumdan jabr ko‘rgan davlatlar hamda xalqaro hamkorlarni rasman xabardor qilish topshirig‘ini berganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina harbiy qo‘mondonligi bilan birgalikda fuqarolik kemalari va dengizchilar xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha choralarni ishlab chiqmoqda.

Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa esa Rossiya bir kun avval ham Antigua va Barbuda bayrog‘i ostida harakatlangan yana bir xorijiy savdo kemasiga hujum qilganini eslatdi. O‘sha hujumda bir dengizchi halok bo‘lgan, yana uch kishi jarohatlangan.

Sibixaning ta’kidlashicha, Ukraina xalqaro dengiz tashkilotlari bilan hamkorlikda mamlakat portlariga xalqaro monitoring missiyasini yuborish tashabbusini ilgari surmoqda. Kiyev ushbu missiya kuzda o‘z ishini boshlab, Qora dengizdagi har bir hujumni hujjatlashtirishi va kelgusida aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun huquqiy asos yaratishiga umid qilmoqda.