Angliyaning «Manchester Siti» klubi jahon chempionati uchun FIFAdan to‘lov oluvchi klublar reytingida ketma-ket uchinchi marta yetakchi bo‘ldi, deb xabar berdi The Athletic.

Joriy yilgi jahon chempionati uchun Club Benefits Programme (CBP) dasturining umumiy mukofot jamg‘armasi 355 mln dollarni tashkil etadi. Bu Rossiya va Qatarda o‘tkazilgan musobaqalar jamg‘armasidan 70 foizga ko‘proq.

Ushbu mablag‘ning 250 mln dollari o‘yinchilari final bosqichida, 100 mln dollari esa saralash uchrashuvlarida qatnashgan klublar o‘rtasida taqsimlanadi. Qolgan 5 mln dollar esa «klub futbolini rivojlantirish uchun yo‘naltiriladi».

Nashrning hisob-kitoblariga ko‘ra, «Manchester Siti» turnirning yakuniy bosqichigacha yetib borgan olti nafar a’zosi tufayli 4,4 mln dollarga yaqin pul ishlaydi. Rayan Sherki, Mark Guiri, Niko O’Rayli, Jon Stouns va Jyeyms Trafford uchinchi o‘rin uchun o‘tkazilgan bahsda qatnashgan bo‘lsa, Rodri finalda Argentinaga qarshi asosiy tarkibda maydonga tushgan.

Ikkinchi o‘rinni «Barselona» (3,9 mln dollar) egalladi. Kataloniya klubidan musobaqaning turli bosqichlarida 16 nafar o‘yinchi ishtirok etgan. Shuningdek, «Bavariya» (3,4 mln dollar), «Arsenal» (3,3 mln dollar) va «Pari Sen-Jyermen» (3,2 mln dollar) klublari top-5talikka kiritildi.

The Athletic ro‘yxatidan CBP dasturi bo‘yicha to‘lov oladigan 451 ta klub o‘rin olgan.