«Rayxon oilaviy milliy taomlari» ta’sischisi Odilxon Ismoilov va yana 6 nafar sudlanuvchiga nisbatan hukm o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar bermoqda.
Sud hukmiga ko‘ra, Odilxon Ismoilov va boshqa sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining quyidagi moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi:
167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandi
209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 2-qismi «a» bandi
227-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi «a» bandi
228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi «a», «b» bandlari.
Odilxon Ismoilovga 8 yil (Jinoyat kodeksining 62-moddasiga (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) asosan 7 yil 11 oy 28 kun) muddatga, qolgan 6 nafar sudlanuvchiga jinoiy xatti-harakatlaridan kelib chiqib turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi.
Jinoyat ishi doirasida yetkazilgan moddiy zarar sudlanuvchilardan solidar tartibda undirilishi belgilandi.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Namangan viloyat sudining apellyatsiya/kassatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilingan.
Asosiy figurant haqida nimalar ma’lum?
Odilxon Ismoilov 1977 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan, «Rayxon oilaviy milliy taomlari» ta’sischisi hisoblanadi.
U 2010 yildan Toshkent shahar bosh imom xatibi o‘rinbosari bo‘lgan. 2011 yildan 2018 yil iyuligacha Shayxontohur tumani bosh imom xatibi va «Shayx Zayniddin» jome masjidi imom xatibi bo‘lib ishlagan. 2018 iyulda esa Musulmonlar idorasi Ismoilov «tasdiqlanmagan xabarlarni internet orqali tarqatgani va bemorligi vajidan vazifani uddalay olmayotgani sababli» ishdan olinganini ma’lum qilgan.
Odilxon Ismoilov 2019 yildan boshlab «Vaqf» xayriya jamoat fondida faoliyat yuritgan.
2019 yil fevralida Odilxon Ismoilov Shayxontohur tumani, «Xo‘ja Alambardor» masjidiga imom-xatib etib tayinlangan. 2019 yil sentyabrida esa sog‘ligidagi muammolar tufayli o‘z xohishiga ko‘ra lavozimidan ozod etilgan.
U 2026 yil yanvarida o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, soxta tadbirkorlik va boshqa ayblovlar bilan qamoqqa olingandi.







