Xalqaro valyuta jamg‘armasi ijroiya kengashi Ukraina uchun amal qilayotgan to‘rt yillik kengaytirilgan moliyalashtirish (EFF) dasturining birinchi sharhini yakunladi. Qabul qilingan qarorga muvofiq, Kiyev yaqin kunlarda 690 mln dollar yoki 604 mln yevro miqdoridagi ikkinchi transh mablag‘ini oladi.

XVJ ma’lum qilishicha, Ukraina dastur doirasida belgilangan barcha asosiy miqdoriy ko‘rsatkichlarni o‘z vaqtida bajargan. Shu bilan birga, davlat boshqaruvi, korrupsiyaga qarshi kurash, energetika va moliya sohalaridagi ayrim tarkibiy islohotlarni amalga oshirish belgilangan muddatlarga nisbatan kechikkan.

Ikkinchi transh ajratilishi bilan Ukraina mazkur dastur bo‘yicha olgan umumiy mablag‘ hajmi taxminan 2,2 mlrd dollarga yetadi.

XVJ, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushi sharoitida mamlakatning makroiqtisodiy barqarorligini saqlash va bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayoni bo‘yicha maslahatlashuvlarni ham yakunladi. Jamg‘arma bu jarayon Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish maqsadlariga mos kelishini ta’kidladi.

XVJ boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyevaning ta’kidlashicha, Ukraina og‘ir urush sharoitiga qaramay iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lmoqda. Bu esa puxta iqtisodiy siyosat, XVJ dasturi va xalqaro hamkorlarning moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi samarasi hisoblanadi.

Biroq jamg‘arma Ukraina iqtisodiyoti bo‘yicha prognozlar yomonlashganini ham qayd etdi. Bunga Rossiyaning muhim infratuzilma ob’yektlariga hujumlari kuchaygani hamda Yaqin Sharqdagi mojarolarning jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’siri asosiy omil sifatida keltirilgan. XVJ hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukraina iqtisodiyoti o‘sishi 2026 yilda 1–1,6 foiz atrofida bo‘ladi, 2027 yilda esa o‘sish sur’ati 3,5 foizgacha tezlashishi kutilmoqda.

XVJ 2026 yil fevral oyida Ukraina uchun umumiy qiymati 8,1 mlrd dollarlik to‘rt yillik EFF dasturini tasdiqlagan edi. Ushbu mablag‘ 136,5 mlrd dollarlik xalqaro moliyaviy qo‘llab-quvvatlash paketining bir qismi hisoblanadi. Dastur mamlakatda makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, davlat boshqaruvini takomillashtirish, islohotlarni davom ettirish hamda urushdan keyingi tiklanish jarayonini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Shuningdek, xalqaro baholashlarga ko‘ra, Ukraina infratuzilmasini keyingi o‘n yil ichida to‘liq tiklash uchun taxminan 588 mlrd dollar mablag‘ talab etiladi.