Rossiya hukumati Ukraina dronlari uning logistika omborlariga hujum qilganidan keyin Wildberries kompaniyasi bilan «aloqada» turibdi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

Haqiqatan ham, kompaniyaning o‘zi, shuningdek, kichik va o‘rta biznes vakillari ko‘rgan zararlar tufayli murakkab vaziyat yuzaga kelgan. Bu masala bilan hukumat shug‘ullanmoqda. Albatta, tafsilotlar bo‘yicha hukumatga murojaat qilgan ma’qul, aytishim mumkinki, hukumat kompaniya bilan aloqada bo‘lib turibdi, bu mavzuda yanada aniqroq ma’lumot berolmayman.

Peskov Ukraina rasmiylarining iddaolariga ters o‘laroq, Wildberries omborlaridan Rossiya armiyasi ehtiyojlariga mo‘ljallangan mahsulotlarni yetkazishda foydalanilmaganini ma’lum qilgan.

Bu Dmitriy Peskovning uch kun oldin Wildberries omborlariga qilingan hujum yuzasidan ilk bor munosabat bildirishi bo‘ldi. RF prezidenti Vladimir Putin esa sakkiz kishi o‘limi va 80 dan ortiq kishi jarohat olishiga sabab bo‘lgan zarbaga hali munosabat bildirmadi.

Hujum oqibatida yetkazilgan zarar miqdori hozirgacha aniq emas – katta ehtimol bilan, buni hisoblashga bir oydan ko‘proq vaqt ketadi. Ixtisoslashgan nashrlar o‘z ekspertlik baholarini berishmoqda. «Kommersant» va Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, Wildberries o‘z omborlarini tiklash uchun 22–36 milliard rubl atrofida mablag‘ sarflashiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu marketpleysning 2025 yildagi sof foydasi miqdori 175 milliard rublni tashkil etgandi.

Sotuvchilarning yonib ketgan mahsulotlarining umumiy qiymati 150 milliard rubldan 235 milliard rublgacha baholanmoqda. Shu bilan birga, Wildberries rasman ularga yetkazilgan zararni qoplamasligi mumkin – iyul oyi boshida kompaniya sotuvchilar bilan tuzilgan kelishuv shartlarini o‘zgartirib, dron hujumlari natijasida mahsulot shikastlanishi yoki yo‘qolishi uchun javobgarlikni o‘zidan soqit qilgandi.

«Elektrostalda shikastlangan mahsulot uchun to‘lovlar bo‘yicha ko‘plab savollarni ko‘ryapman. Shubha qilmang, biz sizni bu muammo bilan yolg‘iz qoldirmaymiz», – dedi 20 iyul kuni Wildberries egasi Tatyana Kim.

Uning qo‘shimcha qilishicha, kompaniya «favqulodda vaziyatlar vaqtida»ob’yektlarda o‘zini tutish qoidalarini o‘zgartirgan: endi xodimlarga evakuatsiya paytida ish to‘xtatilishidan qat’i nazar, tegishli to‘lovlar to‘lab beriladi.

21 iyul kuni, hujumlar fonida Wildberries Moskva oblastidagi uchta yirik omborning ish rejimini o‘zgartirgani ma’lum bo‘ldi: ular tunda yopiq bo‘ladi, xodimlar bu vaqtda bino ichkarisida bo‘lmasligi kerak.