Iyul o‘rtalarida Rossiya va Germaniya vakillari Boku shahrida uchrashuv o‘tkazgan. Bu haqda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Berlinda Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat vakillari 12-14 iyul kunlari Ozarboyjonda bo‘lgan. Ozarboyjon hukumati ushbu muzokaralar to‘g‘risida xabardor qilinmagan.
Aliyev muzokara o‘tkazganlar orasida Rossiya sobiq bosh vaziri Viktor Zubkov va Rossiya prezidenti huzuridagi fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengash raisi Valeriy Fadeyev bo‘lganini aytdi.
Ozarboyjon prezidenti agarda muzokaralarda Rossiya-Ukraina nizosini bartaraf etish masalasi muhokama qilingan bo‘lsa, bunday muzokaralarni «faqat olqishlashi»ni bildirdi.
Iyun oyi boshlarida Die Zeit gazetasi Germaniya hukumati Rossiya bilan muzokara o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida yozgandi. Nashr xabariga ko‘ra, Fridrix Mers devonxonasi bu masalada Fransiya va Buyuk Britaniya vakillari bilan maslahatlashgan.











