YuNeSKO 2026 yil 19 iyul kuni ochiladigan Butunjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasi uchun tayyorlangan hisobotida Rossiyada qurilishi rejalashtirilgan ikki yirik osmono‘par bino - «Laxta Tsentr – 2» va «Laxta Tsentr – 3» loyihalariga tanqidiy baho berdi.
Hisobotda ta’kidlanishicha, balandligi 555 metr va 703 metr bo‘lishi rejalashtirilgan ushbu binolar Sankt-Peterburgning asrlar davomida shakllangan mashhur osmon chizig‘ini o‘zgartiradi. Shuningdek, ular Neva daryosi va Fin ko‘rfazi tomon ochiladigan tarixiy panoramalarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
YuNeSKO mutaxassislari Rossiya hukumatini mazkur qurilish loyihalarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan. Ekspertlar fikricha, agar qurilish rejasi amalga oshirilsa, bu Sankt-Peterburg tarixiy markazining «Xavf ostidagi Butunjahon merosi» ro‘yxatiga kiritilishi uchun asos bo‘lishi mumkin.
Tashkilotning baholash missiyasi 2026 yil boshida Sankt-Peterburgda ish olib borgan. Mutaxassislar «Laxta Tsentr – 2», «Laxta Tsentr – 3» hamda boshqa yirik qurilish loyihalarini o‘rganib, ularning shaharning tarixiy muhitiga ehtimoliy ta’sirini tahlil qilgan.
Loyihalarga muvofiq, yangi osmono‘par binolar Yevropadagi eng baland bino hisoblangan 462 metrli «Laxta Tsentr» yonida qad rostlashi rejalashtirilgan. Qurilish ishlarini 2031–2033 yillar oralig‘ida yakunlash ko‘zda tutilgan.
Agar 703 metrli «Laxta Tsentr – 2» qurib bitkazilsa, u dunyodagi ikkinchi eng baland bino maqomini egallaydi. Bu holda u hozirda 678,9 metr balandlikka ega bo‘lgan Malayziyaning Merdeka 118 minorasini ortda qoldiradi. Dunyodagi eng baland bino maqomi esa hozircha Birlashgan Arab Amirliklaridagi 828 metrli Burj Khalifaʼga tegishli bo‘lib qoladi.
YuNeSKOning yakuniy tavsiyalari Butunjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasi muhokamalari davomida ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
YuNeSKO Rossiyadagi ulkan osmono‘par binolar qurilishiga qarshi chiqdi
08:28 / 20.07.202610 4782 min
YuNeSKO Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida qurilishi rejalashtirilgan «Laxta Tsentr – 2» va «Laxta Tsentr – 3» osmono‘par binolari loyihalarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Tashkilot ekspertlari ushbu inshootlar shaharning tarixiy qiyofasi va YuNeSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan madaniy merosiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda.











