Ma’lum qilinishicha, o‘zgartishlar I, F va J toifali vizalarni qamrab oladi. AQSh ma’muriyatiga ko‘ra, yangi tartib mamlakat xavfsizligini ta’minlash hamda mazkur viza egalarining AQShda bo‘lib turish davomida o‘z maqomiga rioya etishini samarali nazorat qilishga qaratilgan.
Avval amalda bo‘lgan qoidalarga muvofiq, ushbu toifadagi viza egalari AQShga kelish maqsadi saqlanib turgan davr mobaynida mamlakat hududida bo‘lishi mumkin edi. Masalan, xorijiy jurnalist ommaviy axborot vositasida faoliyatini davom ettirayotgan yoki talaba Amerika oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan bo‘lsa, uning mamlakatda bo‘lishiga ruxsat etilardi. Ko‘pchilik hollarda mazkur vizalar uchun aniq amal qilish muddati belgilanmagan edi.
Yangi tartibga ko‘ra, xorijiy jurnalistlar AQShga ishlash maqsadida eng ko‘pi bilan 240 kun muddatga kirishi mumkin bo‘ladi. Zarur hollarda ushbu muddatni uzaytirish imkoniyati saqlab qolinadi.
Shu bilan birga, Xitoy fuqarolari uchun mazkur muddatni 90 kun bilan cheklash taklif etilmoqda.
Xorijiy talabalar hamda almashinuv dasturlari ishtirokchilari esa AQShda o‘qish yoki dastur davomiyligi doirasida, biroq to‘rt yildan oshmagan muddat davomida bo‘lishi mumkin.
AQSh ma’muriyati ushbu o‘zgarishlar mamlakatga kirish va vaqtinchalik bo‘lib turish tartibi ustidan nazoratni kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.










