AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Eron hududidagi harbiy nishonlarga qarshi navbatdagi keng ko‘lamli hujumlar amalga oshirilganini ma’lum qildi. Harbiy amaliyotlar ketma-ket o‘ninchi kun davom etmoqda.

CENTCOM ma’lumotiga ko‘ra, hujumlarning asosiy maqsadi Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozida fuqarolik kemalariga tahdid solishda qo‘llanilayotgan harbiy salohiyatini yanada zaiflashtirishdan iborat.

Keyinchalik AQSh harbiylari operatsiya yakunlanganini ma’lum qilib, zarbalar Eron harbiy qo‘mondonlik punktlari, raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar)ni uchirish maydonchalari, shuningdek, havo hujumidan mudofaa tizimlariga qaratilganini bildirdi.

Bu orada Eron ham navbatdagi javob hujumlarini amalga oshirdi. Xabarlarga ko‘ra, mamlakat Fors ko‘rfazi mintaqasida joylashgan AQSh harbiy bazalariga qarshi raketa va dronlardan foydalangan. Kuvayt va Iordaniya hududlarida ham raketa va dron hujumlari qayd etilgan.

18 iyul kuni Tehron iyun oyida Vashington bilan erishilgan vaqtinchalik sulh kelishuvini amaldan qolgan deb e’lon qildi. Mazkur kelishuv 60 kun ichida yakuniy tinchlik bitimini imzolash uchun asos bo‘lishi kerak edi.

AQSh prezidenti Donald Tramp yangi hujumlardan bir necha soat oldin Eronni amerikalik harbiylar halok bo‘lgan har qanday holat uchun «bir necha barobar javob qaytarish» bilan ogohlantirdi. Uning ta’kidlashicha, bu bo‘yicha ko‘rsatma mudofaa vaziri Pit Hegsetga yetkazilgan.

Trampning aytishicha, navbatdagi zarbalar Eron bilan to‘qnashuvlarda halok bo‘lgan AQSh harbiylari xotirasiga javob sifatida amalga oshirilgan. CENTCOM ma’lumotlariga ko‘ra, yangi mojaro boshlanganidan buyon AQShning 17 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan.

Shu bilan birga, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat ham tarangligicha qolmoqda. Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) ikki neft tankerini ushlab qolganini ma’lum qildi. Rasmiy Tehron bu kemalar bo‘g‘ozdan noqonuniy harakatlanishga uringanini bildirgan.

Harbiy qarama-qarshilik kuchayishi ortidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kema qatnovi ham sezilarli darajada qisqargan. London fond birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, 19 iyul kuni bo‘g‘ozdan atigi to‘rtta, 18 iyul kuni esa sakkizta kema o‘tgan. Bu dunyo neft bozori uchun strategik ahamiyatga ega yo‘lakdagi xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda.