Yangi tariflar tsement, hokkey tayoqchalari va boshqa ko‘plab turdagi Kanada mahsulotlariga tatbiq etiladi. Biroq energetika mahsulotlari, kaliy o‘g‘itlari hamda avvaldan sohaviy tariflar amal qilib kelayotgan tovarlar ushbu choralardan mustasno qilingan.
Bojlar 30 kundan keyin, ya’ni 2026 yil 19 avgustdan kuchga kiradi. Shu bilan birga, ular AQSh–Meksika–Kanada erkin savdo kelishuvi (USMCA) doirasida import qilinadigan ayrim mahsulotlarga ham tatbiq etiladi. Vashington bu orqali avtomobil ishlab chiqaruvchilar uchun eksport shartlarini yaxshilashni maqsad qilganini bildirmoqda.
AQSh Savdo vakili Jyeymison Grirning ma’lum qilishicha, yangi tariflar umumiy qiymati taxminan 20 milliard dollarlik Kanada importini qamrab oladi. Uning ta’kidlashicha, Kanada amerikalik ishlab chiqaruvchilarga nisbatan qator cheklovlarni saqlab qolmoqda. Jumladan, mamlakat do‘konlaridan AQSh ayrim mahsulotlari olib tashlangan, Yevropa Ittifoqi sut mahsulotlariga kengroq bozor imkoniyati berilgan va ishlab chiqarishni AQShga qaytargan kompaniyalarning avtomobillarini Kanadaga eksport qilishda cheklovlar mavjud.
Kanada bosh vaziri Mark Karni esa Ottava Vashington bilan muzokaralarni faollashtirishga tayyorligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQShning bir tomonlama tariflari USMCA kelishuvi tamoyillariga zid hisoblanadi va Kanada o‘z manfaatlarini himoya qilish maqsadida javob choralarini ko‘rish huquqiga ega.
Bu Donald Trampning Kanadaga qarshi ilk savdo bosimi emas. Avvalroq u Kanadadagi o‘rmon yong‘inlari tufayli AQSh hududiga tarqalgan tutun mamlakat iqtisodiyotiga zarar yetkazayotganini ta’kidlab, bu xarajatlar ham Kanada importiga qo‘llanayotgan bojlarga qo‘shilishi mumkinligini aytgan edi.
Joriy yil boshida Tramp Kanadada ishlab chiqarilgan samolyotlarga ham 50 foizlik boj joriy qilish bilan tahdid qilgan, shuningdek, Bombardier kompaniyasi samolyotlari sertifikatini bekor qilish ehtimoli haqida ham ogohlantirgan edi. Bu qarorlar Vashington va Ottava o‘rtasidagi savdo munosabatlaridagi taranglikni yanada kuchaytirgan.
Kanada hukumati esa tashqi savdoda AQShga qaramlikni qisqartirish va bozorlarni diversifikatsiya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirishini ma’lum qildi.











