Ma’lum bo‘lishicha, AQSh endi chet eldan grin karta uchun ariza topshirgan shaxslardan 100 ming dollar miqdorida garov puli talab qilishi mumkin. Tramp ma’muriyati bu yangilik ustida o‘ylanmoqda. Katta ehtimol bilan bu administratsiyaning qonuniy immigratsiya, ayniqsa imkoniyati cheklangan chet elliklarga qarshi kurash choralarining bir qismi bo‘ladi. Jamoa bu bo‘yicha bosh qotirayotgani haqida Wall Street Journal nashri yozdi.
Maqolada kelishicha, rejalar bilan tanish bo‘lgan odamlar Tramp ma’muriyatining bu tizim ustida bosh qotirayotganini tasdiqlagan. WSJ manbalariga ko‘ra, garov miqdori ko‘rsatilgan miqdordan kam yoki yuqori bo‘lishi ham mumkin. Davlat departamenti yangi mexanizmni hozircha oz sonli mamlakatlarda sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Rejaga ko‘ra, ariza beruvchilar mablag‘larni faqat AQSh fuqaroligini olgandan keyingina qaytarib ololadilar, bu jarayon odatda kamida besh yil davom etadi. Shunday qilib, agar grin karta egasi ko‘chib o‘tgandan keyin o‘zini ta’minlay olmasa, depozit AQSh rasmiylari uchun kafolat bo‘lib xizmat qiladi.
"Prezident Tramp Qo‘shma Shtatlarga immigratsiya qilishni istaganlar moliyaviy jihatdan o‘zini o‘zi ta’minlashi kerakligini aniq aytdi", degan Davlat departamenti vakili Tommi Pigott.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Davlat departamenti Immigratsiya va fuqarolik to‘g‘risidagi qonunga muvofiq ba’zi viza murojaat etuvchilardan "o‘zini o‘zi ta’minlash uchun zarur bo‘lgan mablag‘larga ega ekanliklarini namoyish etish uchun" garov puli to‘lashni talab qilish vakolatlarini o‘rganib chiqmoqda.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning may oyida AQSh rasmiylari grin kartaga ariza berish qoidalarini yanada kuchaytirishdi. Endi chet el fuqarolari faqat mamlakat tashqarisidan turib doimiy yashash uchun ariza berishlari kerak bo‘ladi. AQSh uchun milliy manfaatlariga mos insonlarga esa istisnolar bo‘lishi mumkin.











