Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-2026 o‘quv yili boshida mamlakatdagi oliy ta’lim tashkilotlarida jami 1 mln 535 ming nafar talaba tahsil olmoqda.

Bu ko‘rsatkich 1991-1992 o‘quv yilida qayd etilgan 337,4 ming nafar talabaga nisbatan 1 mln 197,6 ming nafarga yoki qariyb 4,6 barobarga oshgan.

Statistikaga nazar tashlansa, 1990-yillar o‘rtalari va 2000-yillar boshida talabalar soni 200–300 ming nafar atrofida bo‘lgan. 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab esa o‘sish sur’ati keskin jadallashib, talabalar soni 571,5 ming nafardan 1,5 milliondan ortiq darajaga yetgan.

Xususan, 2020-2021 o‘quv yilida 571,5 ming, 2021-2022 o‘quv yilida 808,4 ming, 2022-2023 o‘quv yilida 1 mln 42,1 ming, 2023-2024 o‘quv yilida 1 mln 314,5 ming, 2024-2025 o‘quv yilida esa 1 mln 432,8 ming talaba tahsil olgan.

2025-2026 o‘quv yilida mazkur ko‘rsatkich yana oshib, 1 mln 535 ming nafarga yetdi. Bu mamlakatda oliy ta’lim qamrovini kengaytirish, yangi oliygohlar tashkil etish va qabul kvotalarini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar samarasini aks ettirmoqda.