AQSh prezidenti Donald Tramp farmonni imzoladi, unga ko‘ra Braziliyadan tovar va xizmatlar importi bo‘yicha bojlar 40 foizga — 50 foizgacha oshiriladi. Bu haqda 30 iyul, chorshanba kuni Oq uy xabar berdi.

«Braziliyadan AQSh bojxona hududiga olib kirilayotgan tovarlarga qonun hujjatlariga muvofiq, 40 foiz miqdorida qo‘shimcha advalor (bojxona narxidan foiz sifatida belgilangan) bojlari qo‘yiladi», — deyiladi hujjatda.

Aprel oyining boshidan buyon Qo‘shma Shtatlar Braziliyadan import qilinadigan mahsulotlarga 10 foizlik boj undiryapti.

Tariflarni oshirish qarori, xususan, Oq uyning fikricha, Braziliya sobiq prezidenti Jair Bolsonaruning «siyosiy ta’qib qilinishi» munosabati bilan qabul qilingan. Tramp ma’muriyatiga ko‘ra, bu Braziliyada «qonun ustuvorligini qasddan buzish», «siyosiy sabablarga ko‘ra qo‘rqitish» va «inson huquqlarini buzish»dir.

Xususan, apelsin sharbati, fuqaro aviatsiyasi samolyotlari va ular uchun ehtiyot qismlar, shuningdek, o‘g‘itlar sanksiyalardan olib tashlandi, deya ta’kidladi AFP agentligi.