CENTCOM ma’lumotiga ko‘ra, amerikalik harbiy 18 iyul kuni Iroq shimolida Eronga tegishli urib tushirilgan dronning portlamagan o‘q-dorilarini nazorat ostida yo‘q qilish operatsiyasi vaqtida halok bo‘lgan.
Hodisa oqibatida yana bir harbiy yengil jarohat olgan. Unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Iordaniyada yo‘qolgan harbiyning jasadi topilgan bo‘lishi mumkin
Bundan avval CENTCOM 17 iyul kuni Eron tomonidan Iordaniyadagi AQSh aviabazasiga berilgan zarba natijasida ikki amerikalik harbiy halok bo‘lgani, yana biri bedarak yo‘qolganini ma’lum qilgan edi.
Endi qo‘mondonlik hodisa joyida o‘tkazilgan qidiruv ishlari davomida hozircha shaxsi aniqlanmagan inson qoldiqlari topilganini bildirdi.
The New York Times va The Wall Street Journal nashrlari rasmiy manbalarga tayanib yozishicha, topilgan qoldiqlar ehtimol bedarak yo‘qolgan amerikalik harbiyga tegishli bo‘lishi mumkin. Hozirda shaxsni aniqlash ishlari davom etmoqda.
AQSh va Eron o‘zaro zarbalarni davom ettirmoqda
18 iyul kuni AQSh Qurolli kuchlari Eron hududiga navbatdagi havo zarbalarini amalga oshirdi. CENTCOM ma’lum qilishicha, bu hujumlar Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)ni Iordaniyadagi amerikalik harbiylar o‘limi uchun jazolash hamda Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozida xalqaro dengiz qatnoviga tahdid solish imkoniyatlarini cheklash maqsadida uyushtirilgan.
Bunga javoban Eron Kuvaytda joylashgan AQShning ikki harbiy bazasiga raketa hujumlari uyushtirdi.
Tramp: «Eron yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi kerak»
AQSh prezidenti Donald Tramp NewsNation telekanaliga bergan telefon intervyusida amerikalik harbiylarning halok bo‘lishini «achinarli voqea» deb atadi.
Uning ta’kidlashicha, Vashingtonning asosiy maqsadi o‘zgarmagan.
«Biz hech qachon Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz», - dedi Tramp.
AQSh Yaqin Sharqqa qo‘shimcha harbiy aviatsiya yubormoqda
Mojaro kuchayib borayotgan bir paytda The Wall Street Journal va The New York Times nashrlari ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh Yaqin Sharqqa qo‘shimcha jangovar samolyotlarni jo‘natmoqda.
Xabarlarda aytilishicha, Germaniyadagi Shpangdalem aviabazasidan F-16, Buyuk Britaniyadagi RAF Lakenheath aviabazasidan esa F-35 qiruvchilari mintaqadagi operatsiyalarga jalb etiladi. Shuningdek, havoda yonilg‘i quyish uchun mo‘ljallangan samolyotlar ham Yaqin Sharqqa yo‘naltirilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, mazkur qadam Vashingtonning mintaqadagi harbiy ishtirokini yanada kuchaytirish va Eronga nisbatan bosimni oshirishga qaratilgan.












