Qozog‘istonning Chimkent shahri jinoyat ishlari bo‘yicha sudida 21 yoshli ayol Nuray Serikbayning o‘ldirilishi bo‘yicha shov-shuvli ish yuzasidan hukm o‘qildi. Jinoyatda 28 yoshli Sherxan Aymaxan aybdor deb topilib, unga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Aymaxan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining birdaniga uchta moddasi: 125-1-moddasi (“Nikohga majburlash”), 115-1-moddasi (“Stalking”) va 99-modda 2-qismi 5-bandi (“O‘ta shafqatsizlik bilan odam o‘ldirish”) bo‘yicha aybdor deb topildi.
Sud Aymaxanni umrbod qamoq jazosidan tashqari, jabrlanuvchilar foydasiga ma’naviy zarar uchun 25 mln tenge (taxminan $54 ming) va moddiy zarar uchun yana 5 mln tenge (taxminan $11 ming) tovon to‘lashga hukm qildi.
Nuray Serikbay 2026-yil 11-yanvar kuni kechqurun Chimkentdagi uyi yonida o‘ldirilgan. Qotillikda gumonlangan Sherxan Aymaxan ikki kun o‘tib, shahardan taxminan 10 kilometr uzoqlikda qo‘lga olindi.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, erkak avvalroq Nurayga turmush qurishni taklif qilgan, biroq rad javobini olgan. Shundan so‘ng u qizni o‘g‘irlab ketgan. Qarindoshlari uni uyiga qaytarib, politsiyaga murojaat qilishgan, ammo ularning arizasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilmagan. Yaqinlari Aymaxan Nurayni uzoq vaqt ta’qib qilib yurganini ham aytishgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, qotillik sodir etilgan kuni erkak qizga 35-marta pichoq urgan, Nuray hodisa joyida jon bergan.
Bu qotillik keng jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘ldi. Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev Chimkent politsiyasi harakatlarini tekshirishni topshirdi. Shundan so‘ng shahar politsiya departamenti boshlig‘i va uning birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi, bir qator politsiyachilarga nisbatan esa xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qaraganlik fakti yuzasidan tergov boshlandi.
Fevral oyida tergov ayblovni «o‘ta shafqatsizlik bilan odam o‘ldirish» jinoyatiga qayta malakaladi. 30-aprel kuni o‘tkazilgan sud-psixiatriya ekspertizasi Aymaxanni aqli raso deb topdi.
Aymaxanning o‘zi aybiga iqror bo‘lmadi. Sud jarayonida u fojia yuz bergan kuni go‘yoki Nuray birinchi bo‘lib unga pichoq urganini, shundan so‘ng affekt holati tufayli keyingi voqealarni eslay olmasligini ma’lum qildi. Biroq sudya Samiddin Temiraliyev bu versiya bilan sudlanuvchining dastlabki tergovdagi ko‘rsatmalari o‘rtasida ziddiyatlar mavjudligiga e’tibor qaratdi.











