Reuters agentligi Qozog‘iston Energetika vazirligiga tayanib xabar qilishicha, tomonlar Rossiyadan keltirilgan neftni Qozog‘istonda qayta ishlash, olingan neft mahsulotlarining bir qismini mamlakat ichki bozorida sotish hamda qolgan qismini Rossiyaga eksport qilish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, muzokaralar davom etmoqda. Biroq qayta ishlanadigan neft hajmi, hamkorlik shartlari va qaysi neftni qayta ishlash zavodlari ishtirok etishi hozircha ma’lum qilinmagan.

Bundan avval Reuters Rossiyada yuzaga kelgan yonilg‘i tanqisligi fonida Moskva Qozog‘iston bilan 50 ming tonna benzin yetkazib berish bo‘yicha ham muzokaralar o‘tkazayotganini xabar qilgan edi.

Agentlik qayd etishicha, 2026 yil yozida Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan buyon eng jiddiy yonilg‘i tanqisligiga duch kelgan. Bu holat Ukraina dronlarining Rossiya neft omborlari va neftni qayta ishlash zavodlariga bergan zarbalari fonida yuzaga kelgan.

Reuters bahosiga ko‘ra, ushbu hujumlar natijasida Rossiyaning neftni qayta ishlash quvvatlarining qariyb 25 foizi to‘liq yoki qisman ishdan chiqqan. Oqibatda mamlakatning ayrim hududlarida yoqilg‘i sotuviga cheklovlar joriy etilgan.