Akasini qasddan o‘ldirgan

Kun.uz tanishgan sud hujjatlariga ko‘ra, jinoyat 12-fevral kuni Narpay tumanida sodir qilingan.

1968-yilda tug‘ilgan A.S. va uning akasi, marhum U.S. tumanning Mirzo Ulug‘bek massivida baliqchilik bilan shug‘ullanib kelgan. Aka-ukaning baliq hovuzlari yonma-yon bo‘lgan. Ular o‘sha kuni zovur suvi ustida tortishib qolishgan.

A.S. akasi zovur suvini o‘z hovuziga yo‘naltirayotganini ko‘rib, u bilan janjallashgan. So‘ngra akasini o‘ldirish maqsadida vagonda saqlab kelgan ov miltig‘ini olib chiqib, uning yuz qismiga bir marta o‘q uzgan. Oqibatda aka og‘ir tan jarohati olib, vafot etgan.

“O‘rdaklarni otmoqchi edim”

A.S. sudda aybiga qisman iqror bo‘lgan va miltiqni hovuziga kelib qo‘ngan ikki o‘rdakni otish uchun olib chiqqanini aytgan.

Ertalab soat 6:00 larda turib, terak qalamchasini ekdim. So‘ng choy ichib o‘tirganimda ko‘lga ikkita o‘rdak qo‘ndi. Vagondan ov miltig‘imni olib chiqib, o‘rdaklarni otdim. Uning bittasi ko‘lga tushdi, ikkinchisi uchib ketdi.

Uvat bo‘ylab borayotgan vaqtimda dup-dup etgan ovoz eshitildi. Qarasam, akam menga kelayotgan suvni ochib yuborayotgan ekan. Nega bunday qilayotganini so‘raganimda haqorat qilib, ketmon bilan urmoqchi bo‘ldi. Ketmonni qaytargan vaqtimda akam yoqamdan tortdi va shu payt miltiqning taxta qismi yerga tegib, otilib ketdi. U qo‘li bilan otilgan joyini ushladi, mendan kechirim so‘radi va yiqildi”, degan uka o‘z ko‘rsatmasida.

So‘ngra A.S. mahallasi profilaktika inspektori oldiga borib, akasini otib qo‘yganini aytgan.

Jazo

Holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JIB Narpay tuman sudida ko‘rib chiqildi va hukm o‘qildi. Sud hukmi bilan A.S. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni (qasddan odam o‘ldirish) sodir qilishda aybli deb topildi. Unga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Kun.uz ushbu jinoyat haqida avvalroq Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lumotiga asoslanib xabar bergandi.