7-avgust kuni musulmonlar uchun muqaddas Makka shahrida, Ka’ba yonida uch yirik musulmon davlati tomonidan xavfsizlik va mudofaa pakti imzolandi. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi kolonkasida Saudiya Arabistoni podshohligi, Pokiston Islom Respublikasi va Turkiya Respublikasini mazkur kelishuvga undagan omillar va bitimning O‘zbekiston jamiyati uchun ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
O‘zbekiston jamiyati nuqtayi nazaridan qaraganda, bu davlatlarning biz uchun ahamiyati qanday? O‘zbekiston – Markaziy Osiyo mintaqasining yuragida joylashgan. Mintaqada O‘zbekistonning to‘rtta qo‘shnisi mavjud: Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston. Endi, mintaqadan tashqariga chiqadigan bo‘lsak, O‘zbekistonning janubida yana muhim to‘rt davlat borki, bu davlatlar bilan O‘zbekiston xalqi tarixan, o‘zlik darajasida mustahkam bog‘liqliklarga ega.
Bu “janubiy to‘rtlik”ka Turkiya Respublikasi, Eron Islom Respublikasi, Afg‘oniston Islom Amirligi va Pokiston Islom Respublikasi kiradi. Makka paktida mana shu to‘rtlikdan ikkitasi ishtirok etmoqda: turkiy davlatlarning aholi soniga va iqtisodiy hamda harbiy salohiyatiga ko‘ra eng yirik davlati hisoblanmish Turkiya, hamda yadroviy salohiyatga ega yagona musulmon davlati hisoblanmish Pokiston.
Saudiya Arabistoni-chi? Ushbu mamlakatdagi Makka va Madina shaharlari islom sivilizatsiyasining geografik markazi hisoblanadi. O‘zbekiston aholisining 90 foizdan oshig‘i islom diniga e’tiqod qilar ekan, aholi uchun diniy jihatdan muqaddas maskanlarning xavfsizligi – muhim masala hisoblanadi. Shuning uchun, Saudiya Arabistoni butun bir musulmon dunyosi uchun eng muhim ramziy davlat deb hisoblanishi tabiiy.
Xo‘sh, bu uch davlatning Makka paktini imzolashdan asosiy maqsadlari, motivlari nimalardan iborat bo‘lishi mumkin?
Individual motivlar. Ushbu uchta davlatning har birini alohida motivlari mavjud.
Pokiston uchun – uning eng asosiy raqibi Hindiston bilan strategik tirashuvda “musulmon komandasi”ni kengaytirish, va shu yo‘l bilan rasmiy Dehliga “mening kuchli ittifoqchilarim bor” deya signal berishi, tabiiy.
Turkiya uchun ham tarixan shakllangan muammolar, ziddiyatlar va masalalar bor. Turkiya – NATO a’zosi, lekin rasmiy Anqara o‘zining xavfsizligi va taqdirini faqat NATOga bog‘lab qo‘yish niyati yo‘q. Aksincha, o‘zining geostrategiyasi va xavfsizligini diversifikatsiya qilish yo‘lidan ketmoqda. Ushbu pakt Anqaraga NATO bilan munosabatlarda qo‘shimcha vazn beradi. Shuningdek, Turkiyaning Gretsiya, Kipr, YeIdagi ba’zi davlatlar bilan munosabatlarida ham ramziy instrument rolini o‘ynaydi.
Saudiya Arabistoni uchun Yamandagi husiychilar, Iroqdagi shialar va boshqa ko‘plab “bezovta qiluvchi omillar” mavjud. Bu pakt Saudiya Arabistoni uchun mintaqadagi “bezovta qiluvchi omillar”ga qarshi signal hamdir.
Har uchala davlat bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatlarga ega. Turkiya ilg‘or mudofaa sanoati va NATO tajribasiga ega; Saudiya Arabistoni qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish uchun sarmoya manbayi bo‘lishga tayyor; Pokiston esa yuqori shaylikka ega qurolli kuchlar va yadroviy salohiyatga ega.
Ikkinchi umumiy motiv – AQShga signal. Bu uchala davlatning barchasi AQSh bilan kuchli aloqalarga ega. AQSh va Isroilning Eronga hujumlari natijasida, mintaqada yangi geosiyosiy va xavfsizlik arxitekturasiga ehtiyoj paydo bo‘lyapti. Ma’lum bo‘ldiki, AQSh ko‘pchilik o‘ylaganidek mutlaq harbiy va strategik qudrat sohibi emas ekan, chunki o‘zining harbiy qudratini o‘zi istagan siyosiy natijalarga o‘gira olmadi. Aksincha, Eronning kuchayishiga sababchi bo‘ldi. Qolaversa, mintaqada ziddiyatlar bo‘lganida faqat Isroilning yonida turishi oydinlashdi. Shuning uchun ushbu uchlik mudofaa paktini tuzish orqali AQShga “bundan keyin o‘zimizni xavfsizligimizni o‘zimiz, sensiz himoya qilamiz” demoqda.
Uchinchi, va mening nazarimda asosiy motiv – Isroil ekspansionizmiga tayyor turish, birgalikda javob berish harakati. 2023-yil oktyabridan to bugungi kungacha Isroil G‘azoda misli ko‘rilmagan genotsidni, etnik tozalashni amalga oshirdi, Suriya va Livan hududlarini egallab olish siyosatiga zo‘r berdi. Isroil rasmiylari “Katta Isroil loyihasi”ni amalga oshira boshlaganini, AQSh yordamida mintaqaning yagona gegemoni, hududiy ulkan davlati bo‘lish ambitsiyalarini yashirmay qo‘yishdi. Isroildan “Erondan keyingi navbat – Turkiyaga” degan bayonotlar yangrayotgani, hatto AQShga ittifoqchi bo‘lgan Qatarga ham Hamasga hujum bahonasida qiruvchi samolyotlar bilan zarba berishi – mintaqa davlatlarining o‘ta jiddiy va asosli xavotirlariga sabab bo‘ldi.
Isroil va AQSh Yaqin Sharq mintaqasini to‘liq formatlash niyatida ekani bugun hammaga ayon. Shu sabab hozircha musulmon dunyosining uchta yirik davlati o‘zar xavfsizlik va mudofaa paktini imzolashga majbur bo‘lishdi.
Bu pakt hali to‘laqonli tashkilot degani emas. Paktning barqaror va silliq ishlashi kafolatlanmagan. Lekin bu – katta tarixiy jarayonning boshlanishi. Musulmon dunyosi o‘zining xavfsizligini o‘zi ta’minlashi zarurligi, tashqi qudratlar esa hech biri strategik do‘st bo‘lmasligi anglashildi.











