Ukraina vositachilar orqali Rossiyaga Qora dengizdagi fuqarolik ob’yektlariga o‘zaro zarba berishni to‘xtatish taklifini yo‘lladi, deb xabar berdi bu haqda ma’lumotga ega manba Reuters agentligiga.
Bu voqea Britaniyaning asosiy xalqaro ixtisoslashgan dengizchilik nashri «Lloyd’s List» Qora dengizni «kemachilik uchun eng xatarli hudud» deb ataganidan so‘ng yuz berdi.
Reuters manbasining so‘zlariga ko‘ra, Kiyev hozircha o‘z taklifiga javob olmagan.
So‘nggi oylarda Ukraina Qrim ta’minotini uzib qo‘yish va soya flot tankerlari orqali neft eksportiga putur yetkazish maqsadida Azov va Qora dengizlarda dronlar yordamida Rossiya kemalarini ta’qib qilishni boshladi. So‘nggi kunlarda zarbalar Novorossiyskdagi don terminallariga ham yetib bordi, konteyner tashuvchi kemalar, shuningdek, Kaspiy quvur yo‘li konsorsiumi terminali va Qozog‘iston neftini olib chiquvchi kemalar ham o‘qqa tutildi. Rossiya esa nafaqat Odessa viloyatidagi portlarga, balki ularga kirayotgan fuqarolik kemalariga, jumladan, xorijiy kemalarga ham zarba bera boshladi. Zarbalar ballistik raketalar bilan berilmoqda, Amerikaning «Patriot» tutib oluvchi tizimlari yetishmasligi sababli Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlarida ularga qarshi himoya mavjud emas.
«Iyul oyida Odessa portlariga kuniga 15 ga yaqin kema kirgan bo‘lsa, oy oxiriga kelib ularning soni bir-ikkitagacha kamaydi», - dedi Ukrainaning eng yirik xususiy port operatori «Transinvestservis» hammuassisi va bosh direktori Andrey Stavnitser «Financial Times» nashriga. «Kpler» ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyida kemachilik butunlay to‘xtagan.
Iyun va iyul oylarida Ukraina rasmiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi kamida 50 ta yuk kemasiga hujum qilgan va buning oqibatida 30 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, deb yozadi The New York Times. Ular orasida 19-iyul kuni Chernomorsk portidan bir partiya don olib yo‘lga chiqqan «Golden Leo» quruq yuk kemasi ham bor edi.
«Golden Leo» portdan 6,4 km masofaga uzoqlashganda, Rossiya raketasi uning korpusiga kelib urildi. Oqibatda kema ekipajining 10 nafar a’zosi va ukrainalik lotsman halok bo‘ldi, kema esa cho‘kib ketdi.
O‘z navbatida, Ukraina dronlari Rossiyaning soya flotidagi tankerlaridan tashqari, Turkiya kemalariga ham hujum qildi va Novorossiysk yaqinida Hindistondan kelayotgan «Fesco» kompaniyasiga tegishli «Yanina» konteyner tashuvchisini cho‘ktirib yubordi. Natijada Rossiyaning eng yirik konteyner tashuvchi kompaniyalaridan biri Qora dengiz orqali qatnovlardan voz kechdi.
Iyul oyida, so‘nggi voqealardan avval, Rossiya donini eksport qilishning asosiy yo‘nalishi bo‘lgan Qora va Azov dengizlari terminallari orqali eksport 22,8 foizga qisqarib, 1,8 mln tonnani tashkil etdi. Ukraina don eksporti avgust oyining ikki haftasidan kamroq vaqtida 2025-yilning shu davriga nisbatan 75 foizga tushib ketgan. Iqtisodchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Qora dengiz portlari ishining to‘liq to‘xtashi Ukrainaga yalpi ichki mahsulotning 1–1,5 foiziga tushishi mumkin.











