Regionlardan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, avgust oyida Rossiyada Ukraina dronlarining neftni qayta ishlash zavodlari bo‘ylab yo‘llayotgan zarbalari tufayli yonilg‘i inqirozining yangi to‘lqini boshlangan. Mamlakat janubiyidan tortib Primore o‘lkasigacha bo‘lgan hududlarlar aholisi yonilg‘i quyish shoxobchalaridagi navbatlardan shikoyat qilmoqda. Orenburg oblasti va Sochida bir qo‘lga beriladigan yonilg‘i miqdori bo‘yicha cheklovlar tiklangan. Bundan tashqari, Sochi shahri ma’muriyati mahalliy aholi va sayyohlardan shaxsiy transportda safarga chiqmaslikni so‘ramoqda. «Meduza» yana qaysi regionlarda benzin yetkazib berishda muammolar kuzatilayotgani haqida hikoya qildi.

«7×7» nashri hisoblashicha, kamida 12 regionda yonilg‘i uchun uzun navbatlar kuzatilmoqda. Jurnalistlar bu regionlar qatorida Krasnodar o‘lkasi, Voronej, Kaluga, Rostov, Ryazan, Tambov, Tula, Saratov, Smolensk, Penza va Ulyanov oblastlari, shuningdek Primoreni sanashgan.

Bir qo‘lga beriladigan benzin miqdoriga cheklovlar ham qaytgan. Sochi ma’muriyati 11-avgust kuni «yetkazib berishdagi logistik buzilishlar» tufayli hududdagi avtomobillarga yonilg‘i quyish stansiyalarida limitlar o‘rnatilganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, zapravkalarga yuklamani kamaytirish maqsadida mahalliy aholi va sayyohlardan «imkon qadar shaxsiy transportda safarga chiqishdan tiyilish» so‘ralgan.

Orenburg oblasti gubernatori Yevgeniy Solnsev ham hududda «yonilg‘i bilan bog‘liq vaziyat murakkabligi»ni ma’lum qilgan. 12-avgustdan regiondagi barcha zapravkalarda limitlar (30 litrdan ortiq benzin, 60 litrdan ortiq dizel quyilmaydi) va «juft-toq» tizimi joriy etildi. Bu tizim juft raqam bilan tugaydigan avtoraqam egalari juft kunlarda, qolganlari esa toq kunlarda yonilg‘i quyishini nazarda tutadi. Solnsev «avtomobillarga yonilg‘i quyish stansiyalaridagi vaziyatni muvofiqlashtirish uchun» politsiyachilar ham jalb etilishini aytgan.

Bundan tashqari, regionlardan benzin taqchilligi va zapravkalarning bir qismi yopiqligi to‘g‘risida shikoyatlar kelmoqda – Krasnoyarsk o‘lkasi va Boshqirdistondan shunday murojaatlar kelib tushgan. Shuningdek, narxlar o‘sishi ham qayd etilgan – bunday holat so‘nggi kunlarda Vladimir Putin tashrif buyurgan hududlarda kuzatilgan (tashrifdan oldin narxlar pasaygandi).

Krasnoyarskda Putinning tashrifidan bir kun oldin o‘lkadagi zapravkalarning bir qismida benzin narxi keskin pasaygan (bir litr uchun 24 rublga). Zapravkalardagilar buni «logistika vaqtincha yaxshilangani» va «to‘g‘ridan to‘g‘ri neftni qayta ishlash zavodlaridan qo‘shimcha yonilg‘i kelib tushgani» bilan izohlagan. Ammo prezident ketishi bilan narxlar oldingi darajasiga qaytgan.

Putinning navbatdagi manzili bo‘lgan Novosibirskda uning korteji bo‘sh zapravka yaqinida to‘xtagan. Bu yerda prezident o‘zini kutib turgan bolalar bilan muloqot qilgan. Kreml pulidagi muxbir Pavel Zarubin tomonidan olingan bu kadrlar ko‘plab nashrlarda tarqatildi. Bu kadrlarda zapravkadagi narxlar tablosi o‘chirib qo‘yilgandi.

Moskva va Peterburgdan bu masaladagi e’tirozlar hozircha deyarli yo‘q. Ammo «Biznes FM» tinglovchisi «Rosneft»ning Dmitrovskiy shosse bo‘yidagi bir necha zapravkalarida AI-95 benzini yo‘qligini aytib bergan.

Rasmiylar inqirozning yangi to‘lqini haqida rasman xabar bermadi. Bosh vazirning yonilg‘i sohasiga mas’ul bo‘lgan o‘rinbosari Aleksandr Novak 11-avgust kuni ichki bozordagi vaziyat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan. Uning yakunlari bo‘yicha tegishli idoralar, hududiy hokimiyat organlari va neft kompaniyalariga «ichki bozorni yoqilg‘i bilan ta’minlash bo‘yicha kelishilgan ishlarni davom ettirish», narxlar dinamikasini monitoring qilish va iste’molchilarga benzinni «uzluksiz yetkazib berish»ni kafolatlash bo‘yicha topshiriqlar berilgan.