Qozog‘istonning Moliyaviy monitoring agentligi Maxa.dxb nomi bilan tanilgan bloger Mahmud Hikmatovni xalqaro qidiruvga berdi.

O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan Hikmatov 2000-yilda tug‘ilgan. U noqonuniy internet-kazino reklamasida gumon qilinmoqda. Sud unga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanladi.

Moliyaviy monitoring agentligining ta’kidlashicha, Qozog‘istonda qimor o‘yinlari uchun interfeys yaratish, ekvayring, mobil pul o‘tkazmalari va kriptovalyuta orqali to‘lovlarni qayta ishlash, shuningdek, foydalanuvchilarni jalb qilish uchun reklamani o‘z ichiga olgan sxema mavjud edi.

Ta’kidlanishicha, Hikmatov kazinolarni targ‘ib etish uchun qozog‘istonlik blogerlarni jalb qilishga mas’ul bo‘lgan. Ulardan reklama narxini aniqlash uchun ijtimoiy tarmoq statistikasi - demografiya, obunachilar geografiyasi va auditoriya qamrovini so‘ragan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u targ‘ibotga 35 nafardan ortiq blogerni jalb qilgan.

Sxema ishtirokchilaridan biri qozog‘istonlik bloger Qamza Q. bo‘lib, u o‘z mashhurligidan foydalanib, kazinolarga referal havolalarni joylashtirgan va foydalanuvchilarning o‘tishi uchun mukofot olgan. 6-avgust kuni Qamza Q. Vetnamdan Qozog‘istonga ekstraditsiya qilindi.