Astana politsiyasi «Qozog‘iston sha’niga buzg‘unchi va provokatsion bayonotlarga yo‘l qo‘ygan, xususan, Qozog‘iston shaharlarining hududiy yaxlitligi va davlatga mansubligi borasida shubha bildirgan» chet el fuqarosi deportatsiya qilingani haqida xabar berdi. Ushbu qiz Qozog‘iston fuqarolari, mamlakat madaniyati va an’analariga nisbatan «kamsituvchi stereotiplar»ga yo‘l qo‘ygani ta’kidlangan.
Qayd etilishicha, politsiya uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini monitoring qilish paytida «provokatsion» izohlarni aniqlagan. Unga nisbatan ma’muriy ish ochilgan, jarima tayinlangan, mamlakatdan chiqarib yuborilgan va unga besh yil davomida Qozog‘istonga kirish taqiqlangan.
Politsiya ushbu xorijlikning aynan qanday bayonotlari unga qarshi ma’muriy ish qo‘zg‘atilishiga sabab bo‘lganiga aniqlik kiritmagan. Azattyq Asia nashri yozishicha, u Astana markazida odamlar «vigvamlarda (hindular chodiri) yashashi, otda yurishi kerak», deb aytgan. Boshqa bir efirda esa qozog‘istonliklarni rus tilini bilmagani uchun «sassiq» deb atagan.
RIA Novosti ma’lumotiga ko‘ra, gap strimer Kseniya Guzayeva (Fasoollka) haqida ketmoqda. U o‘z strimlarida Astanani «qishloq» deb atagan va «Pavlodar bizniki» degan. «U biznikidek eshitiladi, u Qozog‘istonniki bo‘lishi mumkin emas. Unda nega Pavlostan emas?» – deydi u.











