Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston 11 ta xorijiy davlatga 23,3 ming tonna gilos eksport qilgan.

Yarim yillikda eksport qilingan gilosning umumiy qiymati 57,9 mln AQSh dollarini tashkil etgan.

BMTning Comtrade xalqaro savdo ma’lumotlar bazasida keltirilishicha, 2024-yilda O‘zbekiston 32,2 ming tonna yangi uzilgan gilosni tashqi bozorlarga yetkazib bergan. Uning umumiy qiymati 70,4 mln dollarga teng bo‘lgan.

Mazkur ko‘rsatkich bilan O‘zbekiston gilos eksporti hajmi bo‘yicha dunyoda oltinchi o‘rinni egallagan.

2024-yil yakunlariga ko‘ra, Chili 529,5 ming tonna gilos eksporti bilan yetakchilik qilgan. Keyingi o‘rinlarni Gonkong - 168,4 ming tonna, AQSh - 84,2 ming tonna, Turkiya - 66,5 ming tonna va Ispaniya - 34,1 ming tonna bilan egallagan. O‘zbekistondan keyin Gretsiya - 28 ming tonna, Ozarboyjon - 25,8 ming tonna, Avstriya - 18,1 ming tonna va Moldova - 10,1 ming tonna gilos eksport qilgan.

Statistikaga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonning gilos eksporti turlicha dinamika ko‘rsatgan. Eng yuqori natija 2021-yilda qayd etilib, o‘sha yili xorijga 60,8 ming tonna gilos yetkazib berilgan.

2023-yilda eksport 45 ming tonnani, 2024-yilda 32,2 ming tonnani, 2025-yilda esa 31,7 ming tonnani tashkil etgan. 2026-yilning dastlabki olti oyida esa 23,3 ming tonna gilos tashqi bozorlarga sotilgan.