AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi ortidan Yaqin Sharqda keskinlik kuchayishda davom etayotgan bir paytda Saudiya Arabistoni, Pokiston va Turkiya qo‘shma mudofaa paktini imzoladi.

«Makka qo‘shma mudofaa kelishuvi» (Mecca Joint Defence Agreement) deb nomlangan ushbu bitim 7-avgust kuni muqaddas Makka shahrida – Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va bosh vaziri Muhammad bin Salmon hamda Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif tomonidan imzolandi.

Hamkorlarning ta’kidlashicha, ushbu pakt – uchalasidan birortasiga qilingan qurolli hujum barchaga qilingan hujum deb baholanishini belgilaydi. Bu orqali har qanday tajovuzkor harakatga qarshi jamoaviy tiyib turishni ta’minlash mo‘ljallangan.

Ushbu bitim bosh vaziri Shahboz Sharif Pokistonning qudratli armiyasi rahbari Asim Munir hamrohligida Makkada Umra ziyoratini ado etganidan bir kun o‘tib imzolandi. Turkiya prezidenti ham juma kuni valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bilan uchrashish uchun qirollikka kelgandi.

Nega aynan hozir?

Al Jazeera'ning yozishicha, Anqara, Ar-Riyod va Islomobod o‘rtasidagi mudofaa kelishuvi ustida bir muncha vaqtdan beri ishlanayotgan edi. Muzokaralar 2023-yil oktyabrda G‘azoda Isroil genotsidi boshlangandan so‘ng darhol boshlangan. AQSh va Isroilning Eronga qarshi olib borayotgan urushi esa muzokaralarni jadallashtirdi.

Joriy yil 19-mart kuni Turkiya, Pokiston va Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirlari Ar-Riyodda uchrashib, qo‘shma xavfsizlik kelishuvi qanday bo‘lishi mumkinligini muhokama qilishgandi. Ushbu uchrashuvdan oldin, 2025-yil sentyabrida Pokiston va Saudiya Arabistoni o‘zaro mudofaa kelishuvini ham imzolagan edi. Bu kelishuv 2025-yil 9 sentyabrda Isroilning Qatar poytaxti Dohaga qilgan hujumi ortidan qabul qilingan.

2026-08-07 21.14.41

Foto: AP Photo

Erondagi urush boshlangach hozircha Turkiya va Pokiston mintaqadagi keskinlikdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarar ko‘rmadi. Ammo, AQShning harbiy ob’yektlari va infratuzilmasiga mezbonlik qiluvchi Saudiya Arabistoni Eron va uning ittifoqchilari hujumiga uchradi.

Bu uchta davlatni Eron urushining ta’siri, Isroilning mintaqadagi kuchayib borayotgan beboshliklari va hujumlari ayniqsa xavotirga solmoqda. Isroil Hizbullohning tayanch nuqtalarini nishonga olmoqdamiz, degan bahona bilan Livanning qariyb beshdan bir qismini egallab oldi. Ayni paytda Iroqdagi Eron qo‘llaydigan guruhlar Saudiya Arabistoniga dron hujumlari uyushtirganlikda ayblanib, o‘zlari ham hujumlar ostida qolishgan.

Xullas, mintaqadagi kuchayib borayotgan keskinlik haqiqatan ham ushbu mamlakatlarni birlashishga majbur qilgan.

Ushbu pakt nima beradi?

Nashrning yozishicha, uch tomonlama kelishuv Anqara va Islomobod o‘rtasida amalda bo‘lgan paktga asoslanishi tushuniladi. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, u har bir mamlakatning harbiy va moliyaviy kuchidan foydalanishga xizmat qiladi. Turkiya NATOdagi ikkinchi eng yirik armiyaga ega bo‘lsa, Saudiya Arabistoni dunyodagi eng yirik neft eksportchisi hisoblanadi, Pokiston esa yadro quroliga ega bo‘lgan yagona musulmon davlatidir.

Ular qo‘shma bayonotda ta’kidlashlaricha, «Makka qo‘shma mudofaa kelishuvi» har qanday tajovuzkor harakatga qarshi jamoaviy tiyib turishni kuchaytirishga qaratilgan bo‘lib, uchtasidan birortasiga qilingan qurolli hujum barchaga qilingan hujum deb baholanishini belgilaydi.

Reutersʼning yozishicha, biroq bayonotda har biri o‘z zimmasiga olgan majburiyatlar bo‘yicha aniq ma’lumotlar keltirilmagan. Ularning kelishuvi bir-birini himoya qilishda qandaydir muayyan harbiy harakatlarga qanchalik majbur qilishi hozircha aniq emas.

Turkiya vitse-prezidenti Jyevdet Yilmazning aytishicha, uch davlat o‘rtasidagi kelishuv mudofaa xususiyatiga ega va u hech qanday aniq ishtirokchiga qaratilmagan. Shuningdek, pakt mintaqadagi boshqa mamlakatlar uchun ham ochiq.

2026-08-07 21.16.02

Foto: Anadolu

Tahlilchilarga ko‘ra, uchta hamkor bir-birini to‘ldiruvchi kuchlarga ega. Jumladan, Turkiyaning mudofaa-sanoat salohiyati, Saudiyaning moliyaviy qudrati va ta’siri mavjud. Pokistonning harbiy tajribasi, strategik tiyib turish kuchi, ya’ni yadroviy bombasi bor.

Uchrashuvda Pokiston va Turkiya mintaqaviy kema qatnovi va energiya yo‘nalishlarini himoya qilish uchun Saudiya e’lon qilgan dengiz mudofaa koalitsiyasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Aslida Pokiston o‘nlab yillar davomida Saudiya Arabistoni kuchlariga ta’lim va texnik yordam ko‘rsatib keladi. Turkiya va Pokiston esa harbiy kemalar hamda o‘quv samolyotlari bilan almashishgan. Saudiya Arabistoni Turkiyadan dronlarning yirik xaridori hisoblanadi.

Shu bilan birga Pokiston podshohlikka qariyb 8 000 nafar askar, qiruvchi samolyotlar, dronlar va havo mudofaasi tizimini joylashtirgan.

Eron qanday munosabat bildirdi?

Eron rahbariyati tomonidan hozircha hech qanday rasmiy bayonot berilgani yo‘q. Biroq eronlik deputat Ibrohim Rizoiy juma kuni postida ushbu paktni tanqid qildi.

«Saudiylar shuni bilishi kerakki, Turkiya va Pokiston bilan tuzilgan qog‘ozdagi kelishuv ularga – xuddi amerikaliklarga yillar davomida bir tomonlama qaramlik xavfsizlik keltirmaganidek, xavfsizlik olib kelmaydi,» deb yozdi u.

«Siyosatingizni shunday isloh qilingki, boshqalardan xavfsizlik tilashga muhtoj bo‘lmang», deya qo‘shimcha qildi u.

Bu pakt Isroil uchun nimani anglatadi?

Hozircha Isroil bosh vaziri ofisi ham, Isroil tashqi ishlar vazirligi ham Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston o‘rtasidagi yangi mudofaa pakti yuzasidan izoh bermadi.

Bu uch davlat Isroilning ta’siri va uning mintaqadagi hujumlaridan xavotirda ekani quruq gap emas. Joriy yil iyulda Erdo‘g‘an Istanbulda Pokiston bosh vazirini qabul qilgan va Yaqin Sharqdagi tinchlik harakatlari mintaqaviy yordamsiz muvaffaqiyat qozona olmasligini aytgandi. U Isroilga AQSh-Eron kelishuvini «portlatib yuborishiga» yo‘l qo‘yilmasligi kerakligini qo‘shimcha qilgan.

2026-08-07 21.14.46

Foto: SPA

Erdo‘g‘an Isroilning G‘azo, Livan va Suriyadagi hujumlarini ham qayta-qayta qoralab keladi.

O‘z navbatida, Pokiston ham G‘azoda Isroil olib borayotgan genotsid urushini va «Buyuk Isroil» deb ataladigan har qanday g‘oyani ham qoralaydi. Biroq AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushida Pokiston mintaqaviy urushning oldini olishga intilib, vositachi rolini o‘z zimmasiga oldi.

Reutersʼning yozishicha, Hindiston Tashqi ishlar vazirligi ushbu pakt mamlakat diqqat bilan kuzatib borayotgan jarayonlardan biri ekanini ta’kidlagan.

Tahlilchilar nima deydi?

Xalqaro Inqiroz Guruhining Ko‘rfaz va Arabiston yarim oroli mintaqasi bo‘yicha loyiha direktori Yasmin Faruk 20-iyul kungi hisobotida ushbu davlatlar o‘rtasidagi mudofaa kelishuviga to‘xtalgan.

Bu davlatlar «xavfsizlikni bir tomondan AQSh va Isroil, ikkinchi tomondan esa Eron o‘rtasidagi raqobatning ixtiyoriga topshirib qo‘yish mumkin emas» degan mashaqqatli xulosaga kelgan.

«Ushbu mamlakatlarning ko‘plab rasmiylari AQSh va Isroil Eronga hujum boshlashidan oldinroq bunday xulosaga kelishgandi. Biroq urush va undan keyingi Eronning qasos harakatlari, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi bu masalaga yangi va kechiktirib bo‘lmas turtki berdi,» deydi Yasmin.

Uning aytishicha, Isroil va AQShdagi qator siyosiy sharhlovchilar va rasmiylari ushbu qo‘shma xavfsizlik dinamikasini «sunniy davlatlarning Isroilga yoki Isroil/BAAga qarshi bloki» sifatida baholagan. Xususan, joriy fevral oyida Quddusda bo‘lib o‘tgan konferensiyada Isroilning sobiq bosh vaziri Naftali Bennet Turkiyani «yangi Eron» ekanligini ta’kidlagandi.

2026-08-07 21.14.37

Foto: Anadolu

Biroq, Saudiya Arabistonining ommaviy diplomatiya bo‘yicha vazir o‘rinbosari Rayed Krimli ushbu bitim harbiy o‘q yoki mazhablar blokini yaratishga qaratilgan harakatni anglatmasligini aytdi. «Shuningdek, u qandaydir yadroviy ambitsiyalar yoki qurollanish poygasiga ham bog‘liq emas,» dedi u.

Turkiyalik siyosatshunos Murat Aslanning aytishicha, ushbu pakt «salohiyatni oshirish»ni ham qamrab olishi kutilmoqda.

«Saudiya Arabistoni o‘nlab yillar davomida mudofaa mahsulotlari, qurol-yarog‘ yoki jihozlarni import qilishda asosan Qo‘shma Shtatlarga qaram bo‘lib kelgan. Shuningdek, buning iqtisodiy jihatdan tejamkor emasligini va ular Saudiya Arabistoni ichida o‘zlarining mudofaa sektorini barpo etishlari kerakligini bilamiz," deydi Aslan.