Belgorod
Ukraina dronlari 9-avgustga o‘tar kechasi Belgorod shahriga hujum qildi. Belgorod oblasti operativ shtabi xabariga ko‘ra, 29 ta ko‘p kvartirali uy, uchta ma’muriy bino, uchta ijtimoiy va oltita tijoriy ob’yekt shikastlangan.

Reuters / Scanpix / LETA

Reuters / Scanpix / LETA

Reuters / Scanpix / LETA
Belgorod oblasti gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksandr Shuvayev dastlab hujum oqibatida uch kishi halok bo‘lib, yana 25 kishi, jumladan, to‘rt va to‘qqiz yoshlardagi bolalar jarohatlangani haqida xabar bergandi. Bolalardan biri shifoxonaga yotqizilgan, uning holati o‘rtacha og‘irlikda baholangan. Keyinroq opershtab ko‘p kvartirali uylardan birining xarobalarini tozalash chog‘ida erkak kishi jasadi chiqqanini xabar qildi. Shuningdek, o‘ta og‘ir ahvolda shifoxonaga olib borilgan bir erkakning joni uzilgan va jami qurbonlar soni besh nafarga yetgan.
Vayrongarchilik ko‘lami bo‘yicha bu safargi hujum 2023-yil 30-dekabrdan buyon eng jiddiysi bo‘ldi. O‘shanda raketa zarbalari oqibatida 25 kishi halok bo‘lib, 100 dan ortiq kishi yaralangan, shuningdek, 30 ta ko‘p kvartirali uylar shikastlangandi.
5-avgust kuni gubernator Shuvayev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda Ukrainaning Rossiya bo‘ylab zarbalarni kuchaytirishidan o‘z boshqaruvidagi region eng ko‘p jabr ko‘rayotganini aytgandi.
Xarkiv va Odessa
Rossiya qo‘shini 9-avgust kuni tongda Xarkiv bo‘ylab zarba yo‘lladi. Mahalliy rasmiylar raketalardan biri Saltovka rayonidagi ko‘p qavatli turar joy binolaridan biriga urilib, pod’yezdlardan birining yettinchidan to‘qqizinchi qavatigacha vayron bo‘lganini ma’lum qilgan. Ushbu binoga qo‘shni joylashgan ko‘p qavatli uy ham zarba ostida qolgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xarkiv bo‘ylab zarba oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan va yana 37 kishi jarohatlangan.

Vyacheslav Madiyevskyy / Reuters / Scanpix / LETA

Vitalii Hnidyi / Reuters / Scanpix / LETA
Bundan tashqari, Rossiya Odessaga ham raketa va dronlar bilan hujum qilgan. Shaharning ikki rayonida bir necha turar joylar shikastlangan va qisman vayron bo‘lgan. Jami 12 kishi jarohat olgan.

Oleksandr Gimanov / AFP / Scanpix / LETA

Andrew Shugsun / Global Images Ukraine / Getty Images

Igor Maslov / EPA / Scanpix / LETA

Igor Maslov / EPA / Scanpix / LETA
Zelenskiy – Rossiyaga «ta’sir operatsiyasi» haqida
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaga qarshi 40 kunlik «ta’sir operatsiyasi» natijalaridan mamnunligini bildirdi va uni «muvaffaqiyatli» deb atadi. Bu haqda u Ukraina telemarafonida ma’lum qilgan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shini Ukraina logistikasi bo‘ylab zarba berishni oshlagach, Ukraina bunga «javob qaytarish»ga qaror qilgan. «U yerda yo‘qotishlar jiddiy – trillion rubl… Bu ukrain kuchlarining juda muvaffaqiyatli amaliyoti bo‘ldi <.> Shubhasiz, men mamnunman. <…> Ular qancha yo‘qotishganini, katta muammolarga duch kelishganini bilamiz», – degan Zelenskiy va amaliyotda Ukraina qurolli kuchlari, Maxsus amaliyotlar kuchlari, harbiy razvedka hamda Ukraina xavfsizlik xizmati ishtirok etganini qo‘shimcha qilgan.
Zelenskiy Moskvani Ukraina Rossiyaning «zaif joylaridan xabardorligi» haqida ogohlantirgan:
Logistika – faqat ukrainlarning emas, balki barchaning zaif joyidir. Logistika – bu kundalik hayot, odatlardir. Bizda Rossiya tajovuzi boshlanganidan buyon normal hayot, bunday odatlar yo‘q. Rossiyadagilar buni sezmagan. Albatta, Rossiyada mahsulot logistika buzilishi tufayli iste’molchiga yetib bormasa, Rossiyadagi odamlar ham buni his qilishi aniq... Men Rossiyaga Ukraina logistikasiga zarba berishni davom ettirishni maslahat bermagan bo‘lardim, chunki biz Rossiya logistikasini o‘rganib chiqdik.
U Rossiya «elektr tarmoqlari va energetika ob’yektlarini himoya qilish uchun Moskva atrofida havo hujumidan mudofaa tizimlarining uchta halqasini hosil qilgani»ni ta’kidlagan. Uning fikricha, Moskvadagilar Ukraina Rossiya hujumlariga mos ravishda javob qaytarishini biladi.
Zelenskiy Rossiyaga qarshi 40 kunlik «ta’sir operatsiyasi» haqida iyun oyi oxirida e’lon qilgandi. U bu amaliyotdan maqsad «tajovuzkor davlatni urushni to‘xtatishga undash» ekanni aytgandi.
«Ta’sir operatsiyasi» davrida Ukraina Wildberries’ning kamida 20 ta obmori, kamida 25 ta neftni qayta ishlash zavodlari va neft-gaz infratuzilmasidagi boshqa ob’yektlarga zarba berdi, shuningdek, Qora dengiz va Azov dengizida tankerlar hamda yuk kemalariga kamida 200 marta hujum uyushtirdi. O‘z navbatida, Rossiya Ukrainani ballistik raketalar bilan o‘qqa tutishni kuchaytirdi. Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyida 381 ta raketa uchirilgan – bu urush boshidan buyon istalgan oydagidan ko‘ra ko‘proqdir.











