Kobul shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi hamda Afg‘onistonning Bomiyon viloyati hokimi Al-Hoj Qori Gul Haydar o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda Bomiyon viloyatining iqtisodiy va agrar salohiyati, qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar hamda o‘zaro savdo aloqalarini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Xususan, Bomiyon viloyati tog‘li iqlimi tufayli Afg‘onistonning "kartoshka poytaxti" sifatida e’tirof etilgani qayd etildi. Hozirda hududda tajriba tariqasida 17 gektar maydonga yuqori hosilli Fontane navidan 44 tonna urug‘lik kartoshka ekilgan bo‘lib, yuqori hosil kutilmoqda.
Loyiha kartoshka hosildorligini oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va O‘zbekiston hamda Afg‘oniston o‘rtasidagi agrar kooperatsiyani yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Tomonlar istiqbolda Bomiyon viloyatidan O‘zbekistonga yiliga 300 ming tonnagacha yuqori sifatli kartoshka eksport qilish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni faollashtirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish va qishloq xo‘jaligi sohasida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.











