9-avgust kuni Sirdaryo viloyati Xovos tumani «Paxtakor» MFY hududida dahshatli avariya ro‘y berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda M-34 avtomobil yo‘lining Toshkent-Yangiyer yo‘nalishida to‘qnashuv oqibatida kuchli yong‘in ro‘y bergani aks etgan.
Kun.uz manbasi ma’lum qilishicha, Xitoy fuqarosi, Mirzaobod tumanidagi xususiy kompaniya haydovchisi boshqaruvidagi SHACMAN rusumli yuk mashinasi yo‘lning ikkinchi bo‘lagidan ortga qayrilmoqchi bo‘lgan. Lekin birinchi bo‘lakda kelayotgan «Kaptiva»ni o‘tkazib yubormasdan burilgan va to‘qnashuv sodir bo‘lgan.
To‘qnashuvdan keyin «Kaptiva» darhol yonib ketgan, voqea joyiga o‘t o‘chiruvchilar chaqirilgan.
Hodisa oqibatida yengil mashinada bo‘lgan uch kishi – haydovchi va ikki yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘lishgan.
Yuk mashinasi haydovchisining holati ma’lum emas.
Hozirda holat yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.











