Moldova politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 9-avgust kuni Shtefan-Vode tumanidagi Krokmaz qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan.

Dastlab ushbu hududda kuchli portlash ovozi eshitilgan, shundan keyin quruq o‘simliklar yonib ketgan. Voqea joyiga politsiya xodimlari, o‘t o‘chiruvchilar hamda texnik va portlovchi moddalar bo‘yicha mutaxassislar yetib kelgan.

Tekshiruv davomida uchuvchisiz apparat aholi punktidan tashqaridagi o‘rmonzor hududga qulagani aniqlangan.

Mutaxassislarning dastlabki xulosasiga ko‘ra, portlash yerdan taxminan 2,5 metr balandlikda, apparat daraxtga urilganidan keyin sodir bo‘lgan.

Portlash natijasida dron parchalari katta hududga sochilib ketgan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, Krokmaz qishlog‘idagi bir nechta xo‘jalikka ham zarar yetgan. Jabrlanganlar haqida ma’lumot keltirilmagan.

Apparat “dron-raketa” bo‘lishi mumkin

Hodisa joyini ko‘zdan kechirish jarayonida mutaxassislar jangovar uchuvchisiz apparatga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir qator fragmentlarni aniqlagan.

Topilgan parchalarning ayrim xususiyatlari boshqariladigan raketa komponentlariga o‘xshash ekani qayd etilgan. Shu sababli dastlabki taxminlarga ko‘ra, qulagan apparat “dron-raketa” turiga mansub bo‘lishi mumkin.

Apparatning aniq turini belgilash uchun politsiyaning texnik-portlash bo‘limi xodimlari jalb qilingan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar dron qayerdan uchib kelgani va uning Moldova hududiga qanday sharoitda tushganini aniqlash bo‘yicha tekshiruvni davom ettirmoqda.

Moldovada 28 ta raketa va dron parchalari topilgan

Moldova Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan buyon mamlakat hududida raketa va uchuvchisiz apparatlarga tegishli jami 28 ta fragment aniqlangan.

Ular orasida Eronda ishlab chiqarilgan Shahed turidagi dronlar hamda Rossiyaning “Gerbera” uchuvchisiz apparatlari parchalari ham bo‘lgan.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 12 ta holatda Moldova hududida topilgan dronlar portlovchi moddalar bilan jihozlangan bo‘lgan.