IIV TQD hamda uning hududiy bo‘linmalari hamkorligida 3-avgust kuni Yakkasaroy va Chilonzor tumanlarida tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbir davomida 1993-yilda tug‘ilgan shaxs hamda muqaddam Jinoyat kodeksining 228-moddasi 1 va 2-qismlari, shuningdek, 168-moddasi bilan sudlangan 1992-yilda tug‘ilgan shaxs Yakkasaroy tumanida gashishni «zakladka» usulida tarqatayotgan vaqtda ushlandi.
Hodisa joyida ularga tegishli Nexia-3 avtomobili ko‘zdan kechirilib, 20 gramm gashish yog‘i aniqlandi va protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
IIV ma’lumotiga ko‘ra, ushlangan shaxslar 2025-yildan buyon Telegram platformasidagi narkodo‘konda «omborchi» vazifasida ishlab kelgan. Ular har oyda 10 kilogrammga yaqin turli xildagi giyohvandlik vositalarini tarqatib kelgani aytilmoqda.
Tezkor tadbir davom ettirilib, gumonlanuvchilarning yashash manzillari ham ko‘zdan kechirildi. Natijada 2 kilogramm gashish yog‘i, shuningdek, marixuana va gashish, izolentalar hamda giyohvandlik vositalarini tarqatishda foydalaniladigan boshqa ashyolar aniqlandi.
«Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida o‘tkazilgan amaliyot natijasida jami 2 kilogramm 170 gramm, ya’ni 10 ming 700 dozaga teng giyohvandlik vositalari muomaladan olib qo‘yildi.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.











