Litva mudofaa vaziri Robertas Kaunas Rossiya Boltiqbo‘yi mintaqasidagi muhim infratuzilma ob’yektlariga ehtimoliy hujumlar tayyorlayotgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Litva razvedkasi Moskva bunday ssenariyni istisno etmayapti. Bunga Rossiyaning Boltiq davlatlari Ukrainaga o‘z havo hududidan Rossiyaga zarba berish uchun foydalanishga ruxsat bergan, degan noto‘g‘ri tasavvuri sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Vazirning ta’kidlashicha, ehtimoliy hujumlarda Rossiya tomoni qo‘lga kiritilgan ukrain uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanishi mumkin. Bu orqali Moskva hujumlar uchun mas’uliyatni Ukraina zimmasiga yuklash, Kiyevga bo‘lgan ishonchni susaytirish va NATO davlatlarining Ukrainaga ko‘magiga salbiy ta’sir ko‘rsatishni maqsad qilgan bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, Robertas Kaunas hozircha Boltiq davlatlari uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy tahdid mavjud emasligini ta’kidladi.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘liq ko‘lamli urushi boshlanganidan beri Litva, Latviya va Estoniya bir necha bor o‘z havo hududiga dronlar kirib kelgani haqida xabar bergan. Rasmiylarning baholashicha, ularning ayrimlari Rossiya, ayrimlari esa ehtimol Ukrainaga tegishli bo‘lib, ko‘p hollarda Rossiya radioelektron kurash vositalari ta’sirida belgilangan yo‘nalishdan og‘ib ketgan.

Bu kabi hodisalar Boltiq davlatlarida xavfsizlik bo‘yicha xavotirlarni kuchaytirib, havo mudofaasi va dronlarga qarshi tizimlarni mustahkamlashga, shuningdek, NATOning mintaqa havo hududini qo‘riqlash missiyasini kengaytirishga turtki bo‘lgan.