Nemis ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, 7-avgustga o‘tar kechasi Bonn shahri janubi-g‘arbida joylashgan Mexernix harbiy bazasi qo‘riqchilari ob’yekt ustida jami olti marta shubhali dronlar parvoz qilganini qayd etgan. Keyinchalik bu ma’lumot Germaniya Qurolli kuchlari – Bundesverning Operativ qo‘mondonligi matbuot xizmati tomonidan ham tasdiqlandi.

Xabarlarga ko‘ra, dronlarning so‘nggi parvozi vaqtida voqea joyida Shimoliy Reyn – Vestfaliya yerining Oyskirxen tumani politsiyasi xodimlari ham bo‘lgan. Maxfiy politsiya hisobotida qayd etilishicha, dronlardan biri huquq-tartibot idoralari xodimlari ustida bir necha marta aylanib uchgan.

Hozircha ushbu dronlarni kim boshqargani ma’lum emas. Tergov materiallari Oyskirxen politsiyasiga topshirilgan bo‘lib, hodisa yuzasidan rasmiy tekshiruv boshlangan.

Dastlabki baholashlarga ko‘ra, harbiy baza ustida kuzatilgan apparatlar Fly-380 VTOL rusumiga mansub bo‘lishi mumkin. Ushbu turdagi dronlar taxminan 3,8 metr qanot yoyilishiga ega bo‘lib, 400 kilometrgacha uchish masofasi, soatiga 150 kilometrgacha tezlik va 10 kilogrammdan ortiq yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega.

Mexernix harbiy bazasi Germaniya armiyasining eng muhim logistika markazlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda yer ostidagi 130 metr chuqurlikda joylashgan, maydoni 30 ming kvadrat metr bo‘lgan maxsus omborda harbiy texnika uchun ehtiyot qismlar va jihozlar saqlanadi.

Shuningdek, aynan ushbu bazada AQShda ishlab chiqarilgan Patriot zenit-raketa majmualarini texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bilan shug‘ullanuvchi Bundesver mutaxassislari faoliyat yuritadi. Shu bois bu ob’yekt Yevropa miqyosida strategik ahamiyatga ega hisoblanadi.

Bu Germaniyadagi bunday yagona holat emas. 5-avgustga o‘tar kechasi Saksoniya federal yeridagi Leypsig–Galle aeroportida ham ukrainalik transport samoloti yonida portlovchi modda va portlatish qurilmasi o‘rnatilgan dron topilgan edi. Ushbu ishni Germaniya Federal prokuraturasi o‘z nazoratiga olgan.

Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt bu holatni «gibrid terrorchilik ssenariysi» deb baholab, uning ortida yuqori malakali jinoiy guruhlar turganini aytgan. Nemis politsiyasi va maxsus xizmatlari ushbu diversiyaga Rossiya aloqador bo‘lishi mumkinligi ehtimolini ham tekshirmoqda.

So‘nggi yillarda Yevropa mamlakatlari, jumladan Germaniyada muhim harbiy va infratuzilma ob’yektlari ustida noma’lum dronlar bir necha bor kuzatilgan. Masalan, 2025-yil sentyabrida Rostok yaqinidagi Zanits harbiy bazasi va Germaniya Dengiz kuchlari shtabi atrofida ham shunday parvozlar qayd etilgan. Mamlakat rasmiylari ular strategik ob’yektlarni kuzatish maqsadida amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda.