Rossiya oliy sudi «Yabloko» partiyasini Davlat dumasi uchun saylovdan chetlatish to‘g‘risidagi da’voni qanoatlantirdi. Bunday da’vo juma kuni «Rodina» partiyasi tomonidan kiritilgandi. Ushbu raqobatchi partiya «Yabloko»ni turli qonunbuzarliklar, jumladan, mualliflik huquqiga rioya qilmaslik, noqonuniy saylovoldi tashviqoti olib borish hamda ekstremizmni qo‘llab-quvvatlashda ayblagan. Bu da’voni sudya Vyacheslav Kirillov ko‘rib chiqdi. Aynan u bahorda «Memorial» xalqaro jamiyatini «ekstremistik» deb topgandi. Sud qarori qonuniy kuchga kirmagan, «Yabloko» apellyatsiya beradi.
«Rodina» «Yabloko»ning urushga qarshi pozitsiyasini ekstremizm hamda Rossiyaning hududiy yaxlitligini buzishga da’vat sifatida talqin qilgan. Cudda da’vogar tomon vakili bu ayblov mantiqini shunday tushuntirgan: «Rossiya hududining bir qismi neonatsist rejim tomonidan okkupatsiya qilingan. Zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv tuzishga chaqiriqlar okkupatsiya qilingan hududlarni ozod etishni to‘xtatish yoki ularni ozod etishdan bosh tortishga chaqiriq hisoblanadi». Shuningdek, «Yabloko» LGBTK-jamiyatga qarshi qatag‘onlarga qo‘shilmasligi ham ekstremizmni qo‘llab-quvvatlash deb hisoblangan.
Mualliflik huquqi buzilishi haqidagi ayblovlar yanada absurd bo‘lib chiqdi. «Rodina»dagilar iddaosiga ko‘ra, sovet qo‘shiqlaridagi «Doim quyosh chiqsin» va «Urush bo‘lmasin» kabi iboralardan foydalanish (bu go‘yoki qo‘shiqlarning mualliflari huquqlarini buzadi), ChatGPT tomonidan yaratilgan rasmlarni e’lon qilish (bu go‘yoki neyron tarmoq egasi bo‘lgan kompaniya huquqlarini buzadi) va Hirosimaning bombardimon qilingan fotosuratidan foydalanishni (bu go‘yoki Amerika armiyasi huquqlarini buzadi) mualliflik huquqlarini buzish hisoblanadi. Shuningdek, «Yabloko» logotipi sovet rassomi El Lisitskiyning o‘tgan asr boshida yaratilgan plakatidan ko‘chirilgani da’vo qilingan.

Pavel Bednyakov / AP / Scanpix / LETA
«Yabloko» yetakchisi Nikolay Ribakov barcha ayblovlarni rad etdi. U «Rodina» «Yabloko»ni siyosiy pozitsiyasi va saylovoldi dasturi amaldagi hokimiyat yo‘nalishidan farq qilishi tufayli ayblashga harakat qilayotganini ta’kidlagan. «Turli partiyalar bir xil jamoatchilik fikrini shakllantira olmaydi. Fuqarolarning qarashlari turlicha va ularni turli partiyalar ifoda etishi kerak. <...> Da’vogarning vakiliga bizni o‘ldirilishni istamaydigan odamlar qo‘llab-quvvatlayotganini qanday tushuntirishni bilmayman», – deya xulosa qildi Ribakov.
Markaziy saylov komissiyasi va prokuratura «Yabloko» mualliflik huquqini buzgani uchun saylovdan chetlatilganini olqishlagan. Bundan tashqari, MSK «Yabloko»ning Davlat dumasiga saylovlar uchun federal ro‘yxatidagi a’zolarining ayrimlari xorijdan moliyalashtirilgani haqidagi ma’lumot mavjudligini ma’lum qilgan. «Yabloko»dagilar esa buni saylov uchun nomzodlar ovoz berish jarayonidan oldin barcha xorijiy qimmatbaho qog‘ozlarni sotishi shartligi haqidagi talab bilan izohlagan. Bundan tashqari, Rossiyaning xorijiy manbalardan pul oluvchi fuqarolari partiyaga xayriya qilganini bildirgan.
«Yabloko»ni qo‘llab-quvvatlash uchun yuzlab kishilar keldi. Ular asosan o‘smirlar va yoshlar edi. Ular olma yeyishgan, partiya nomini aytib hayqirishgan va o‘z istaklarini qog‘ozga yozib izhor qilishgan (masalan, «Malaya Tokmachka bizga kerak emas»). Ularni politsiyachilar kuzatib turishgan. Ommaviy hibslar haqida xabarlar yo‘q, lekin omonchilar «Yabloka» varaqasini ko‘targan ikki qizni «suhbatga» olib ketishgan, shuningdek, mashinasida «Yabloko» trekini qo‘ygan holda sud binosi atrofida aylangan haydovchi jarimaga tortilgan. Sud hukmi e’lon qilinganidan keyin «Yabloko»ni qo‘llab-quvvatlash uchun kelganlar «Sharmandalik!» deya hayqirishgan. Politsiyachilar yig‘ilganlardan tarqalishni talab qilgan.
«Yabloko» – Davlat dumasi saylovlarida ishtirok etishi kerak bo‘lgan urushga qarshi pozitsiyadagi yagona partiya edi. Yuliya Navalnaya va muhojirlikdagi boshqa ko‘plab rossiyalik muxolifatchilar uni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgandi. «Yabloko»ning o‘zi bunday qo‘llab-quvvatlovdan o‘zini chetga olgan va hozirgi sharoitda bunday qo‘llov partiya uchun tahdidlarni ko‘paytirishini bildirgandi. «Rodina»ning da’vosidan oldin ham barcha tizimli muxolif partiyalar – KPRF, «Yangi odamlar», LDPR va «Spravedlivaya Rossiya» yetakchilari «Yabloko»ga qarshi chiqishlar qilgandi.











