DGB hisob-kitoblariga ko‘ra, umumiy zararning eng katta qismi - 35 mlrd yevro xodimlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu mablag‘ ishchilarga qonunda belgilangan minimal ish haqi to‘liq to‘lanmagani natijasida yuzaga kelgan.

Yana 22 mlrd yevro ijtimoiy sug‘urta jamg‘armalari tomonidan yo‘qotilgan. Xodimlarga rasman to‘lanishi lozim bo‘lgan ish haqi kamaytirib ko‘rsatilishi yoki to‘liq to‘lanmasligi natijasida ijtimoiy sug‘urta tizimiga ham yetarli miqdorda badallar kelib tushmagan.

Bundan tashqari, Germaniya soliq organlari 7 mlrd yevro miqdorida daromad solig‘ini ololmagan.

Kasaba uyushmalari birlashmasi ayrim holatlarda bunday moliyaviy yo‘qotishlar ish beruvchilarning qonunda belgilangan majburiyatlarni bajarmasligi bilan bog‘liq jinoiy xatti-harakatlar natijasi ekanini ta’kidlagan.

Har soat uchun 2,40 yevrogacha kam to‘langan

Tahlil xodimlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijasida olingan ish vaqti va daromadlar haqidagi ma’lumotlarga asoslangan.

DGB ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniyada qonuniy minimal ish haqi joriy etilgan 2015-yildan buyon har yili o‘rtacha 2 mln nafarga yaqin xodim belgilangan miqdordan kam ish haqi olgan.

Bunday xodimlarga har bir ish soati uchun o‘rtacha 1,70 yevrodan 2,40 yevrogacha kam haq to‘langan.

Natijada xodimlar nafaqat joriy daromadining bir qismidan mahrum bo‘lgan, balki ular uchun to‘lanadigan ijtimoiy sug‘urta badallari ham kamaygan. Bu esa ijtimoiy sug‘urta jamg‘armalari tushumlariga ham ta’sir ko‘rsatgan.

Minimal ish haqi soatiga 13,90 yevro

Matnda keltirilishicha, Germaniyada qonun bilan belgilangan minimal ish haqi hozirda soatiga 13,90 yevroni tashkil etadi.

Ushbu miqdorni faqat qonunda nazarda tutilgan ayrim istisno holatlardagina kamaytirish mumkin. Xususan, ba’zi amaliyot o‘tovchilar uchun alohida qoidalar amal qilishi mumkin.

DGB tahliliga ko‘ra, minimal ish haqi talablarini chetlab o‘tish faqat xodimlarning shaxsiy daromadiga emas, balki davlat byudjyeti va ijtimoiy sug‘urta tizimiga ham milliardlab yevro miqdorida moliyaviy yo‘qotish keltirib chiqargan.