Germaniyaning Saksoniya federal yerida joylashgan Leypsig–Galle aeroportida portlovchi modda bilan jihozlangan dron topilgani mamlakat xavfsizligi uchun jiddiy xavf sifatida baholanmoqda. Bu haqda Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, hodisa tasodifiy emas va uni amalga oshirganlar yuqori texnik bilim hamda portlovchi moddalar bilan ishlash tajribasiga ega bo‘lgan. Vazirning fikricha, bu havaskorlar emas, balki professionallar tomonidan tashkil etilgan gibrid hujum bo‘lishi mumkin.

Dobrindt ehtimoliy aybdorlarning nomini ochiqlamagan. Biroq u hodisa ortida xorijiy davlatlar ham turishi mumkinligini aytdi va bu holat tergov jarayonida aniqlanishini bildirdi. Vazir mazkur voqea munosabati bilan ta’tilni to‘xtatib, bir nechta xavfsizlik idoralari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazgan.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, 5-avgustga o‘tar kechasi Leypsig–Galle aeroportida ukrainaning Antonov-124 (An-124) yuk samolyotidan bir necha metr uzoqlikda shubhali buyum topilgan. Rentgen tekshiruvi uni detonator o‘rnatilgan portlovchi moddali kichik kvadrokopter ekanini ko‘rsatgan. Keyinchalik dron masofadan boshqariladigan robot yordamida xavfsiz tarzda zararsizlantirilgan.

Hodisa tufayli aeroport faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan va bir nechta reyslar boshqa aeroportlarga yo‘naltirilgan. Shu vaqtda Leypsigga qo‘na olmagan DHL kompaniyasining yuk samolyoti qayta balandlikka ko‘tarilayotganda noma’lum ob’yekt bilan to‘qnashgan. Samolyot parvozni davom ettirib, Hannover aeroportiga qo‘ngan. Keyinchalik uning korpusida yengil shikastlanishlar aniqlangan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar bo‘lmagan.

Leypsig–Galle aeroporti Ukrainaga g‘arb davlatlari harbiy yordamini yetkazib berishda muhim logistika markazlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, bu yerda DHL kompaniyasining yirik logistika hablaridan biri ham joylashgan.