O‘zbekistonda banklardan 500 AQSh dollarigacha bo‘lgan naqd chet el valyutasini shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz olish mumkin bo‘ldi. Tegishli hujjat 9-avgustdan kuchga kirdi.

Adliya vazirligi tashabbusi bilan qabul qilingan idoraviy hujjatga ko‘ra, endi banklardan 500 AQSh dollarigacha naqd chet el valyutasini sotib olishda pasport, ID-karta yoki ular o‘rnini bosuvchi boshqa hujjat talab etilmaydi.

O‘z navbatida, ekvivalenti 500 AQSh dollaridan yuqori miqdorda naqd valyuta sotib olishda esa shaxsni tasdiqlovchi hujjat taqdim etish talabi saqlanib qoladi.

Bunga qadar banklardan chet el valyutasini hujjatsiz sotib olish mumkin bo‘lgan miqdor 100 AQSh dollarini tashkil qilar edi.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda aholi banklarga 21,7 mlrd dollar miqdorida valyuta sotgan, 12 mlrd dollar valyuta sotib olgan. Jismoniy shaxslar valyuta operatsiyalarining ijobiy saldosi (9,7 mlrd dollar) ichki valyuta bozorida qo‘shimcha taklif yaratgan. Xalqaro pul o‘tkazmalari aholi tomonidan valyuta sotuvining asosiy manbayi bo‘lgan.