20 iyulga o‘tar kechasi 2026 yilgi jahon chempionati yakuniga yetdi. Argentinaliklar nafaqat mag‘lubiyat tufayli, balki bu Lionel Messining so‘nggi jahon chempionati bo‘lganidan ham qayg‘uga botishdi.

Messi 39 yoshida ham katta turnirni juda kuchli o‘tkazdi, lekin yakunda o‘zining «Barselona»dagi vorisi Lamin Yamalga chempionlikni boy berdi.

O‘yin taqdiri 90-daqiqada Enso Fernandesh qizil kartochka olganidan keyin amalda hal bo‘ldi, argentinaliklar tarkiblar son jihatdan tengligida ham passiv o‘ynayotgandi, ispanlar esa son jihatdan ustunlikni hisobdagi ustunlikda aks ettirdi.

O‘yin amalda bir darvoza tomon kechdi: Ispaniya o‘yin davomida 20 marta zarba berdi, shundan 12 tasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bordi va faqat darvozabonning seyvlari argentinaliklarni yirik hisobdagi mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Argentina esa faqat qo‘shimcha bo‘limlar oxirida, 0:1 hisobida ortda borayotganida dastlabki zarbasini yo‘lladi, bu holdayam Messi tepgan to‘pni Mikel Merino yuzi bilan to‘sib qoldi, jamoa 120 daqiqa davomida birorta aniq zarba bera olmadi.

O‘yindan keyin esa argentinaliklar mag‘lubiyat alamiga chiday olishmadi: o‘yin davomida qo‘pollik qilish bilan shug‘ullangan Paredes hakamlarning ko‘z o‘ngida avvaliga Erik Garsiyaning bo‘ynidan bo‘g‘di, keyin esa Gavini urib yiqitdi.

Ispaniya o‘z tarixida ikkinchi chempionlikni rasmiylashtirdi va bu borada Fransiya hamda Urugvay bilan tenglashib oldi. Argentina hisobidagi titullar soni uchtaligicha qoldi.

Shu kuni JCh tarixida ilk bor birinchi bo‘limdan keyin katta tanaffus yuzaga keldi: jamoalar odatdagi 15 daqiqa o‘rniga 27 daqiqa kiyim almashtirish xonasida qolishdi. Bu vaqtda esa gazonga Madonna, BTS, Ted Lasso obrazidagi Jyeyson Sudekis, Jastin Biber hamda Shakira kabi yulduzlar chiqib kelib, muxlislar uchun konsert qo‘yib berishdi.

Umuman, o‘yin shou bilan boshlanib, shou bilan davom etdi.

Quyida final o‘yinining asosiy lahzalari aks etgan suratlar.