Birinchi yarimyillik yakunlari va yil oxirigacha bo‘lgan vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda hudud va tarmoq rahbarlarining olti oylik rejalari ijrosi tanqidiy tahlil qilindi.
Ayrim hududlarda yalpi hududiy mahsulot, qurilish va investitsiya ko‘rsatkichlari bo‘yicha imkoniyatlar to‘liq ishga solinmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Davlat rahbari hozirgi global tebranishlar sharoitida viloyat, tuman va shaharlarga tadbirkorlik hamda ijtimoiy infratuzilma loyihalari uchun mablag‘lar ko‘paytirib berilayotganini qayd etdi.
Shu bilan birga, har bir vazir va hokimning ishi odamlarning yashash madaniyatida sezilmasa, tadbirkorlarning og‘irini yengil qilmasa, bunday natija faqat «qog‘ozdagi raqam» bo‘lib qolishi ta’kidlandi.
Oylik, choraklik va yillik rejasini bajarmagan birorta vazir, hokim yoki tarmoq rahbari bunday sharoitda xotirjam ishlashga haqli emasligi qat’iy ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda «mahalla yettiligi» ishini yangicha tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan hafta bu borada barcha masalalar tushuntirilib, mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berilgan edi.
Bu borada «Dolzarb 40 kunlik» e’lon qilinib, 2 mingta eng og‘ir mahallada ishlarni mutlaqo yangi tizim asosida tashkil etish boshlandi.
Ushbu mahallalarda hokim, mahalla raisi va bandlik bo‘limi o‘rtasidagi uch tomonlama shartnomalar qayta ko‘rib chiqildi.
Hokimlar 2 mingta og‘ir mahallada elektr, gaz, yo‘l va suv masalalarini o‘z vaqtida hal qilishga shaxsan javobgar bo‘ladi.
Bandlik tizimi mas’ullari ehtiyojmand aholini o‘qitish, ishga joylashtirish va daromadini oshirish maqsadida hududma-hudud yuradi.
Mahalla tizimi rahbarlariga 8 ming 992 ta mahallada ko‘chalar va uylarni obod qilish, daraxt va ko‘chat ekish, ariqlarni toza tutish bo‘yicha aniq majburiyatlar yuklatildi.
Shuningdek, tadbirkorlar uchun jarimalar, to‘lovlar, yig‘imlar va byurokratik tartib-taomillarni tubdan kamaytirish bo‘yicha topshiriq berilgan.
Hozirda 51 ta vazirlik va idora 322 ta yo‘nalish bo‘yicha moliyaviy jarimalar solish huquqiga ega. 2024−2026 yillarda qo‘llangan jarimalarning umumiy summasi 3 trillion so‘mga yaqinlashdi.
Prezident sanksiyalarni qo‘llash vakolatiga ega idoralar xodimlarining fikrlashi va yondashuvi o‘zgarishi kerakligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorni jazolashdan oldin unga xatoni tuzatish imkoniyatini berish va to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish zarur.
Yig‘ilishda, shuningdek, tashqi bozorlarda raqobat kuchayayotgan bir sharoitda ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar uchun majburiy to‘lovlar hamda yig‘imlarni kamaytirish masalasi ko‘tarildi.
Misol tariqasida keltirilishicha, bir fura gilos eksport qilinganda bojxona yig‘imlari, fumigatsiya, sertifikatlar olish va deklarant xizmatlari uchun qo‘shimcha xarajatlar 5 million so‘mga yetadi.
Barcha vazirlar va tarmoq rahbarlariga bir hafta ichida Prezident administratsiyasiga byurokratiya, jarimalar, to‘lovlar va yig‘imlarni kamaytirish, shuningdek, biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflar yuborish topshirildi.











