Prezident Shavkat Mirziyoyevga ichimlik va oqova suv xizmatlarini yanada yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimotda suv ta’minoti korxonalarining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash masalasi muhokama qilindi. Qayd etilishicha, amaldagi tariflar xizmatlarning haqiqiy tannarxini to‘liq qoplamayapti, hududlar kesimidagi katta farqlar esa sohaning investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu munosabat bilan ichimlik suvini ishlab chiqarish va uni iste’molchilarga yetkazib berish vazifalarini ajratish, shuningdek, Magistral suv ta’minoti korxonasini tashkil etish taklif qilindi. Yangi tuzilma hududiy suv ta’minoti korxonalariga ichimlik suvini yagona ulgurji tarif asosida yetkazib beradi.
Shuningdek, ichimlik va oqova suv xizmatlari tariflarini shaffof hamda iqtisodiy asoslangan mezonlar asosida belgilash uchun Idoralararo tarif komissiyasini tashkil etish, 2027 yil 1 apreldan esa byudjyet tashkilotlari uchun yagona tarifni joriy qilish vazifasi belgilandi.
Taqdimot yakunida prezident loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, xizmatlar qamrovini kengaytirish, sohani raqamlashtirish va suv ta’minoti korxonalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.











