Prezident Shavkat Mirziyoyev ichimlik va oqova suv xizmatlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda sohaga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 karra oshib, 2,7 milliard dollarga yetdi. Natijada aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 2017 yildagi 63 foizdan qariyb 83 foizga ko‘tarildi.
Shu davrda 7,7 million aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 11 million aholining suv ta’minoti yaxshilandi, yana 1,1 million kishi kanalizatsiya tizimiga ulandi. 39 ming kilometr ichimlik suvi va 3,2 ming kilometr oqova suv tarmoqlari qurilib, rekonstruksiya qilindi. 3,4 mingta ichimlik suvi inshooti, 295 ta oqova suv inshooti va nasos stansiyasi barpo etildi yoki yangilandi.

Kelgusi yillarda ichimlik suvi ta’minotini 90 foizga, shaharlarda kanalizatsiya xizmati qamrovini 80 foizga yetkazish maqsad qilingan. Buning uchun qo‘shimcha 1,3 milliard dollar investitsiya jalb etilishi ko‘zda tutilgan.
Davlat rahbari erishilgan natijalar bilan birga loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash hamda bartaraf etish tizimi hali talab darajasida emasligini ko‘rsatib o‘tdi.
Xususan, Andijon shahridagi kanalizatsiya tizimida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish uchun 107 milliard so‘m ajratildi. Sergeli tumanida yoqimsiz hid tarqalishining oldini olish maqsadida zamonaviy filtrlarni o‘rnatish ishlari boshlandi.
Surxondaryo viloyati aholisini To‘palang suv omboridan ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihasi doirasida Termiz shahrigacha tarmoq tortib kelindi. Yil yakuniga qadar Sherobod, Muzrabot, Angor va Jarqo‘rg‘on tumanlariga ham suv yetkazib berilishi belgilandi.
Taqdimotda hududlardagi eng dolzarb masalalarni hal qilishga qaratilgan aniq vazifalar ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, 513 ta mahallaga markazlashgan ichimlik suvini olib borish, yana 3 mingta mahallada ta’minot sifatini yaxshilash zarurligi ta’kidlandi.

Ichimlik suvini xonadongacha yetkazish ishlarini to‘liq yakunlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda 232 mingta suv kolonkasi o‘rniga tarmoqlarni bevosita uylargacha tortish ko‘zda tutilgan.
Yil yakuniga qadar umumiy qiymati 600 million dollarlik ishlar amalga oshiriladi. Ularning doirasida 1,6 ming kilometr ichimlik suvi va 387 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i, 80 ta suv hamda 29 ta oqova suv inshooti quriladi.
Natijada 107 ta mahalladagi 310 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, 453 ta mahallada istiqomat qiluvchi 2,5 million aholi uchun suv ta’minoti yaxshilanadi.
Qashqadaryo viloyatida “Hisorak” suv omboridan ichimlik suvi olib kelish loyihasini jadallashtirish vazifasi qo‘yildi. Qiymati 217 million dollar bo‘lgan ushbu loyiha Qamashi, G‘uzor va Qarshi tumanlari hamda Qarshi shahridagi 1,1 million aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash imkonini beradi.
Mutasaddilarga loyihaning texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari ekspertizasini qisqa muddatda yakunlash va moliyalashtirish manbasini aniqlash topshirildi.
Shuningdek, Farg‘ona, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida ichimlik va oqova suv tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha qarz va grant bitimlarini imzolash, poytaxtda yangi kanalizatsiya inshootini qurish loyihasi yuzasidan yakuniy xulosa kiritish vazifalari belgilandi.
1 sentyabrga qadar umumiy qiymati 317 million dollarlik 6 ta loyiha bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan muzokaralarni yakunlash va moliyalashtirish manbalarini belgilash zarurligi qayd etildi.
Suv ta’minoti korxonalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash masalasi ham muhokama qilindi. Amaldagi tariflar xizmatlarning haqiqiy tannarxini to‘liq qoplamayotgani, hududlar kesimida keskin farqlar mavjudligi sohaning investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan ichimlik suvini ishlab chiqarish va iste’molchilarga yetkazib berish vazifalarini ajratish, Magistral suv ta’minoti korxonasini tashkil etish taklif qilindi. U hududiy korxonalarga ichimlik suvini yagona ulgurji tarif asosida yetkazib beradi.
Ichimlik va oqova suv xizmatlari tariflarini shaffof va iqtisodiy asoslangan mezonlar asosida belgilash uchun Idoralararo tarif komissiyasini tashkil etish, 2027 yil 1 apreldan byudjyet tashkilotlari uchun yagona tarifni joriy qilish vazifasi qo‘yildi.
Demografik va iqtisodiy o‘sish natijasida 2030 yilga borib, mamlakatda ichimlik suvi iste’moli hozirgi 941 million kub metrga nisbatan yana 230 million kub metrga ortishi kutilmoqda. Bu suv resurslarini aniq hisobga olish va yo‘qotishlarni kamaytirishni taqozo etadi.
Shu bois, iste’molchilar bilan hisob-kitoblarni to‘liq onlayn tizimga o‘tkazish, shahar va tuman markazlaridagi barcha iste’molchilardan masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlarini o‘rnatish belgilandi.
Suv inshootlari va tarmoqlarining raqamli xaritasini yaratish, boshqaruvga “SCADA”, “GIS”, telemetriya va yagona billing tizimlarini keng joriy etish orqali suv yo‘qotishlarini 35 foizdan 25 foizga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Sohada sun’iy intellekt asosida nasos uskunalarining ishini tahlil qilish, avariyalar va suv oqishini oldindan aniqlash, iste’mol hajmini prognozlash hamda aholi murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqishga qaratilgan loyihalar ham taqdimot qilindi.
Kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida alohida fakultet ochish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, hududlardagi texnikumlar bazasida ichimlik va oqova suv yo‘nalishida dual ta’limni yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.
Prezident taqdimot yakunida loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, xizmatlar qamrovini kengaytirish, korxonalar moliyaviy barqarorligini ta’minlash, sohani raqamlashtirish va aholi uchun qulayliklarni oshirish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.











