Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 iyul kungi selektorda mas’ullarga tovar va xizmatlar taklifini ko‘paytirish orqali inflyatsiyani jilovlash vazifasi qo‘yilganini eslatdi.
Viloyat hokimlari yanvar-iyun oylarida inflyatsiyani 3 foizdan oshirmaslikni maqsad qilgan edi. Lekin Samarqand viloyatidan tashqari birorta hudud buni uddalay olmadi.
Davlat rahbari aprel-iyun oylarida go‘sht narxi 6-8 foizga ko‘tarilganini qayd etdi. Shu sababli import go‘shtni samolyotda tashish xarajatlarini qoplash uchun 300 milliard so‘m ajratilgan. Poytaxt va Toshkent viloyatidan tadbirkorlar samolyotda 1300 tonna go‘sht olib kelgan bo‘lsa, boshqa hududlar bu borada yetarli tashabbus ko‘rsatmagan.
Shavkat Mirziyoyev hokimlar va mas’ullar go‘sht balansini viloyatlar kesimida qayta ko‘rib chiqib, qachon va qaysi davlatdan qancha go‘sht olib kelish bo‘yicha aniq reja tuzishi shartligini ta’kidladi.
Yil yakunigacha chetdan 100 ming bosh qoramol va 150 ming bosh qo‘y-echki olib kelish vazifasi qo‘yildi.
Go‘shtni samolyotda olib kelish bo‘yicha imtiyoz yil yakunigacha uzaytiriladi.
Go‘sht yetishtirishni ko‘paytirishga qo‘shimcha 50 mln dollar

Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari chorvachilikdagi haqiqiy holatni ko‘rsatib berdi. Ilgari ma’lum qilingan raqamlarga nisbatan qoramollar soni 2,1 million boshga, qo‘y va echkilar soni 1,5 million boshga kam chiqdi.
Birgina Qashqadaryo viloyatida qoramollar soni 171 ming boshga, qo‘y va echkilar 288 ming boshga kamligi aniqlangan. Bu ushbu viloyat hisobidan bozorga 50 ming tonna go‘sht va 120 million litr sut chiqmasligini anglatadi.
Chorvachilik loyihalari uchun may oyida Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 1 trillion so‘m ajratilgan. Bunga qo‘shimcha ravishda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan yana 50 million dollar yo‘naltiriladi.
Mazkur mablag‘lar hisobidan chorva kompleksi tashkil etishga 5 milliard so‘mgacha, naslli qoramolchilik uchun 20 milliard so‘mgacha 10 foizli kredit ajratiladi. Kreditlar 10 yil muddatga, 4 yillik imtiyozli davr bilan beriladi.
Kartoshka narxi
Joylarda yil davomida intervensiya tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani sababli pishiqchilik paytida dalada kartoshka narxi tushib ketgani qayd etildi. Fermerlarda manfaatdorlik bo‘lmagani uchun 325 ming tonna kartoshka sotilmay turibdi.
Shavkat Mirziyoyev kartoshkani fermerlar foyda ko‘radigan narxda zaxiraga olib, taqchillik paytida bozorga chiqarish orqali narxni barqaror ushlash zarurligini ta’kidladi.
Sovitkichli omborlar
Yilning yarmi o‘tgan bo‘lsa-da, Qoraqalpog‘iston, Andijon, Jizzax, Surxondaryo va Toshkent viloyatida meva-sabzavotni saqlaydigan birorta ham sovitkichli ombor ishga tushirilmagani tanqid qilindi.
Yil yakunigacha 87 ming tonna quvvatga ega 340 ta sovitkichli omborni ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Oziq-ovqat jamg‘armalari
Hokimlar bu yil oziq-ovqat jamg‘armalarini 2,5 barobar ko‘paytirib, 500 milliard so‘mga yetkazishi kerak edi. Lekin ayrim hududlardan tashqari birorta hokim jamg‘armaga mablag‘ o‘tkazmagani aytildi.
Bosh vazir o‘rinbosariga uch kunda grafik tasdiqlab, hokimlarga oziq-ovqat jamg‘armalariga oyma-oy qancha mablag‘ tushirishini belgilab berish topshirildi.











