Polsha Ichki xavfsizlik agentligi (ABW) ma’lum qilishicha, deportatsiya qilingan shaxslar Varshava, Vrotslav, Krakov, Zakopane va Bidgoshch shaharlarida o‘tkazilgan maxsus operatsiyalar davomida qo‘lga olingan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar 2025 yil kuzidan boshlab Polshada istiqomat qilayotgan ukrainalik qochqinlar orasida turli aksiya va namoyishlarda ishtirok etish uchun odamlarni jalb qilgan hamda ularga haq to‘lagan. Maxsus xizmat iddaosicha, bu faoliyatni moliyalashtirish uchun mablag‘lar Rossiyadan kelib tushgan.
ABW ta’kidlashicha, ushbu harakatlarning asosiy maqsadi Polshadagi ukrainalik qochqinlar jamoasiga bosqichma-bosqich ta’sir o‘tkazish va ulardan siyosiy shiorlarni ilgari surish vositasi sifatida foydalanish bo‘lgan.
Maxsus xizmat ma’lumotiga ko‘ra, tashkilotchilar Ukrainadagi korrupsiya mojarolari va mamlakat ichki siyosatiga oid bahsli mavzular kabi kuchli hissiy ta’sir uyg‘otadigan masalalardan foydalanishga uringan.
Polsha rasmiylari avval ham Rossiyaning mamlakatdagi norozilik harakatlariga aralashishga urinayotgani haqida bayonotlar bergan. Xususan, 2024 yil fevral oyida Polsha Tashqi ishlar vazirligi fermerlar namoyishlarida paydo bo‘lgan antiukrain shiorlari ortida Rossiya maxsus xizmatlari ta’siridagi guruhlar bo‘lishi mumkinligini bildirgan edi.
Bundan tashqari, 2023 yil may oyida Mixail Xodorkovskiy bilan bog‘liq «Dose» tadqiqot markazi Rossiya hokimiyati Yevropa Ittifoqi davlatlarida keng ko‘lamli dezinformatsiya kampaniyalarini tashkil etgani haqida ma’lum qilgan. Unda NATO ittifoqchilari o‘rtasida kelishmovchilik keltirib chiqarish va yevropaliklarda ukrainaliklarga nisbatan salbiy munosabatni shakllantirishga urinishlar qayd etilgan.
Polsha maxsus xizmati hozircha mazkur ish bo‘yicha qo‘shimcha tergov harakatlari davom etayotganini ma’lum qildi.











