Ruminiya Favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lum qilishicha, 29 mayga o‘tar kechasi Galats shahridagi ko‘p qavatli uy tomiga dron kelib tushgan. Uning portlovchi qismi to‘liq detonatsiya bo‘lgani oqibatida binoning 10-qavatida joylashgan xonadonda yong‘in chiqqan.
Hodisa natijasida ikki nafar fuqaro jabrlangan. Ularga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shuningdek, xavfsizlik maqsadida binodan 70 nafar aholi evakuatsiya qilingan. Yong‘in tez orada bartaraf etilgan.
Ruminiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, turar joy binosiga kelib tushgan apparat Rossiyaga tegishli uchuvchisiz uchish qurilmasi bo‘lgan.
Ayni kechada Rossiya dronlari Ukrainaning Odessa viloyatidagi Izmail porti hududiga ham hujum uyushtirgan. Dunay daryosi bo‘yida, Ruminiya chegarasi yaqinida joylashgan Izmail Ukraina uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yirik portlardan biri hisoblanadi va tez-tez hujumlarga uchrab turadi.











