Ma’lum qilinishicha, 2025 yilning 10 oyi yakuni bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi 2,4 milliard dollarni tashkil etgan. Tomonlar kelgusi ikki yil ichida ushbu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish maqsadini belgilab olgan.
Uchrashuvda mahalliy eksportchi korxonalar duch kelayotgan tarif va notarif to‘siqlarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, elektrotexnika, to‘qimachilik hamda kabel-o‘tkazgich mahsulotlariga nisbatan joriy etilgan qo‘shimcha import bojlarini pasaytirish, shuningdek ayrim turdagi meva-sabzavot importiga o‘rnatilgan cheklovlarni bekor qilish masalalari ko‘tarildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar savdo bo‘yicha ishchi guruh faoliyatini yanada faollashtirish va uning navbatdagi yig‘ilishini 2026 yilning birinchi choragida o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishdi.











