Qo‘mita hisob-kitoblariga ko‘ra, yanvar oyida yillik iste’mol narxlari indeksi (INI) 107,2 foizni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,7 foiz bandga past.

Oylik hisobda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 0,8 foizga oshgan. Aynan ushbu guruh inflatsiya shakllanishida asosiy omil bo‘lgan.

Jumladan, meva-sabzavotlar orasida bulg‘or qalampiri narxi 18,5 foizga, banan 6,3 foizga, limon 4,9 foizga, qovoq 4,2 foizga, uzum 3,4 foizga, olma 2,1 foizga qimmatlashgan. Shuningdek, kartoshka (1,9 foiz) va sabzi (1,8 foiz) narxlari ham o‘sgan.

Go‘sht va boshqa mahsulotlardan qo‘y go‘shti 1,6 foizga, mol go‘shti 1 foizga, parranda go‘shti 1,5 foizga, tovuq tuxumi va birinchi navli bug‘doy uni 0,5 foizga qimmatlashgani kuzatilgan.

Ayni paytda inflatsiyani pasaytiruvchi omil sifatida pomidor narxi 2,1 foizga hamda barcha navdagi guruch va guruch oqshog‘i 1,8 foizga arzonlagani qayd etilgan.

Nooziq-ovqat tovarlari 0,4 foizga, aholiga ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar esa 0,8 foizga oshgan. Xizmatlar ichida shaxsiy transport vositalarini sug‘urtalash, mobil aloqa va sartaroshxona xizmatlari narxlarida o‘sish kuzatilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, iste’mol narxlari indeksi 2026 yil yanvardan boshlab yangilangan uslubiyot asosida hisoblanmoqda. Hisob-kitoblar 10 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarida qayd etilgan 1,2 millionga yaqin narx kuzatuvlari asosida shakllantirilgan.