21 yoshli rossiyalik tennischi Mariya Timofeyeva sport fuqaroligini o‘zgartirdi va endi O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.

«Ha, Mariya Timofeyeva rasman fuqaroligini o‘zgartirdi va endi O‘zbekiston nomidan harakat qilmoqda. Shuningdek, uning butun oilasi - onasi va otasi yarim yildan ko‘proq vaqtdan beri Toshkentda yashamoqda. Uning o‘zi federatsiyaga chiqib, xorijga chiqish pasporti va ID-kartani [ichki pasportni] oldi», dedi O‘zbekiston tennis federatsiyasi raisi o‘rinbosari Iroda To‘laganova.

Mariya WTA jahon reytingida 146-o‘rinni egallab turibdi, uning eng yaxshi ko‘rsatkichi 93-o‘rin. Fuqarolikni o‘zgartirish e’lon qilinishidan bir kun oldin, 19 oktabr kuni u Portugaliyada bo‘lib o‘tgan ITF W75 turnirida g‘olib chiqdi.

Timofeyeva avtomatik ravishda ayollar o‘rtasida O‘zbekistonning birinchi raketkasiga aylandi. Bungacha WTA reytingida 1012-o‘rinni egallab turgan 36 yoshli Vlada Yekshibarova eng kuchli hisoblangan.

Mariya Timofeyeva asli moskvalik. Sloveniyaning Koper shahrida murabbiy Anej Morel qo‘l ostida mashg‘ulot o‘tkazadi. 2023 yilda u Budapesht turniri finalida ukrainalik Katerina Bayndlni mag‘lub etib, o‘zining birinchi WTA Tour chempionligini qo‘lga kiritdi. Keyin jarohati tufayli uch oylik tanaffusga chiqdi. 2024 yilda u Avstraliya Ochiq chempionatida debyut qildi (saralashdan o‘tdi) va to‘rtinchi bosqichga chiqdi. Faoliyati davomida ishlab topilgan mukofot puli deyarli 800 ming dollarni tashkil etadi.