Qit’a futbol birlashmalari – UYeFA (Yevropa), KONKAKAF (Shimoliy Amerika) va OFK (Osiyo) xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) rahbariyatiga qarshi ochiq xat bilan chiqdi.

Yangi bayonotda futbol bo‘yicha jahon chempionati huquqlarini yangi tijoriy tuzilmaga o‘tkazish ehtimoli bilan bog‘liq mojaro FIFA ishtirokisiz “tashqi ekspertlar tomonidan mustaqil tekshiruv o‘tkazilishini talab qilishi” ta’kidlangan.

“Futbol – sayyoramizdagi eng buyuk umumiy ehtiros. U na alohida shaxsga, na alohida tashkilotga tegishli. U o‘yinchilar, muxlislar, klublar, milliy assotsiatsiyalar va uning kelajagini asrash ishonib topshirilgan har bir muassasaga tegishlidir. Aynan shu nuqtai nazardan biz, o‘z a’zolarining vakili bo‘lgan konfederatsiyalar, bugun yagona murojaat bilan chiqmoqdamiz”, deyiladi xatda.

FIFA tashkilotining jahon chempionatini kengaytirish borasidagi barcha yutuqlarini tan olgan holda, yetakchi qit’a tashkilotlari rahbarlari xalqaro federatsiya o‘z xatolarini to‘liq tan olishdan bosh tortganini da’vo qilmoqda.

“Yaqinda FIFA tomonidan vitse-prezidentlar va 211 ta milliy assotsiatsiyaga yo‘llangan maktubda jarayonda xatolarga yo‘l qo‘yilgani tan olingan. Bu aloqadagi uzilish sifatida ko‘rsatilmoqda, vaholanki, aslida futbol boshqaruv qarorining to‘liq barbod bo‘lganiga guvoh bo‘ldi.

Qisqa muddatlarda, tegishli maslahatlashuvlarsiz ilgari surilgan va assotsiatsiyalar uning shartlarini to‘g‘ri o‘rganib chiqquniga qadar muddatga bog‘lab qo‘yilgan taklif e’tiborsizlik natijasi emas – bu nazoratni cheklashga qaratilgan qasddan qilingan harakat natijasidir.

Xatda taklifning o‘zi boshidanoq tubdan noto‘g‘ri bo‘lgani tan olinmagan. Hozirgacha jahon chempionatidagi ulushni sotishga urinish shunchaki protsessual kamchilik emas, balki FIFA aynan xizmat qilishi kerak bo‘lgan o‘sha muassasalarning ishonchiga nisbatan chuqur xiyonat va jiddiy muvaffaqiyatsizlik bo‘lgani anglab yetilmagan”, deyiladi maktubda.

Xatda FIFA rahbariyatiga qo‘yiladigan talablar aytilmagan bo‘lsa-da, murojaatning umumiy ohangi UYeFA, OFK va KONKAKAF tomonidan tashkilotga nisbatan ishonch yo‘qligiga ishora qiladi.

“Bular futbol o‘z rahbariyatidan kutadigan fazilatlar emas. Aynan shuning uchun biz yengiltaklik bilan yoki yolg‘iz emas, balki birgalikda – biz xizmat qilayotgan o‘yin oldidagi burch hissi bilan shunday pozitsiyani egalladik. Futbolning kuchi doim uning birligida bo‘lgan. Biz ushbu birlikni hurmat qilishga va futbolga hukmronlik qilishga emas, balki unga xizmat qiladigan rahbariyatni ta’minlashga chaqiramiz”, – deb yakunlanadi xat.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyi oxirida FIFA “FIFA Forward Enterprise” kompaniyasini tashkil etib, unga futbol bo‘yicha jahon chempionatlarini o‘tkazish huquqlarining bir qismini berish niyatida ekani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Bu amalda turnirning yanada ko‘proq tijoratlashtirilishiga olib kelishi mumkinligi aytilgan edi.

Bu kelishuv tashkilotga taxminan 4 milliard dollar, FIFA rahbariyatiga esa shaxsiy bonuslar keltirishi mumkin edi. Ushbu xabarlar paydo bo‘lganidan ko‘p o‘tmay, UYeFA, keyin esa KONKAKAF va OFK voqealarning bunday rivojini keskin tanqid qilib chiqdi. UYeFA tashkilotining barcha 55 a’zosi agar FIFA rejasi amalga oshirilsa, 2030-yilgi jahon chempionatini boykot qilishga rozi bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalaridagi shov-shuvlardan so‘ng, FIFA ushbu rejalaridan voz kechilgani haqida bayonot e’lon qildi. Biroq, mojaro shu bilan yakunlanmadi.

UYeFA federatsiya rahbariyatiga va shaxsan prezident Janni Infantinoga ishonchsizlik bildirish orqali FIFAga bosim o‘tkazishda davom etmoqda. Bunga javoban FIFA matbuot xizmati o‘z rahbarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi haqida press-reliz chiqardi.