Toshkent shahrida fuqarolardan yirik miqdordagi mablag‘larni tovlamachilik yo‘li bilan undirganlikda gumonlangan shaxs qo‘lga olindi.
Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasiga ko‘ra, ikki fuqaro huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilib, ulardan biri o‘zini Izzat deb tanishtirgan shaxs undan qo‘rqitish va zo‘ravonlik orqali jami 70 ming dollar olganini, ikkinchisi esa biznesga majburan sherik qilingani, avtomobil sotib olishga hamda 38 ming dollar berishga majbur bo‘lganini aytib bergan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida yana bir ayol ham murojaat qilib, shaxsiy suratlarini tarqatish bilan qo‘rqitilganini va jinsiy aloqaga majburlanganini bildirgan.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi 1988-yilda tug‘ilgan Isoq ismli, «Izzat Nazarbek» laqabi bilan tanilgan shaxs ekani aniqlanib, Uchtepa tumanidagi sport zalida qo‘lga olingan. Uning yonidan ikki dona «Baykal» rusumli to‘pponcha, o‘q-dorilar, pichoqlar va to‘pponcha g‘ilofi topilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi «a» bandi hamda 121-moddasi 4-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.











