Ukraina dronlari Rossiyaning Nijnekamsk shahriga hujum qildi, oqibatda 13 kishi halok bo‘ldi, ularning 7 nafari o‘zbekistonlik ekani aytildi. Bankdan 500 dollargacha naqd valyutani pasportsiz sotib olish imkoniyati joriy etildi. Korrupsiya oqibatida davlatga qariyb 3 trln so‘m zarar yetkazildi. Toshkentda skuter va moped haydovchilari bo‘yicha reyd o‘tkazildi. O‘zbekistonda yarim yilda o‘g‘il bolalar ko‘proq tug‘ildi.

Rossiyada 7 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

10-avgust kuni Ukraina dronlari Rossiyadagi Tatariston Respublikasining Nijnekamsk shahriga hujum qildi. Oqibatda 13 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berildi.

O‘zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsulxonasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlardan 7 nafari o‘zbekistonlik ekanini ma’lum.

Bosh konsulxona halok bo‘lganlarning jasadini sud-tibbiy ekspertiza va zarur rasmiy jarayonlar yakunlanganidan so‘ng vatanga qaytarish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilishini ma’lum qildi.

Mahalliy matbuot xabarlariga ko‘ra, 10-avgust tongida Nijnekamsk shahridagi bir necha sanoat korxonalari, jumladan, Nijnekamskdagi neftni qayta ishlash zavodi, «Nijnekamskneftexim» neft-kimyo kompleksi dronlar hujumiga uchragan.

Bankdan 500 dollargacha naqd valyutani pasportsiz sotib olish mumkin

Adliya vazirligi tashabbusi bilan qabul qilingan idoraviy hujjatga ko‘ra, 9-avgustdan boshlab, bankdan 500 AQSh dollarigacha naqd chet el valyutasini sotib olishda pasport, ID-karta yoki ular o‘rnini bosuvchi boshqa hujjat talab etilmaydi.

O‘z navbatida, ekvivalenti 500 AQSh dollaridan yuqori miqdorda naqd valyuta sotib olishda esa shaxsni tasdiqlovchi hujjat taqdim etish talabi saqlanib qoladi.

Bunga qadar banklardan chet el valyutasini hujjatsiz sotib olish mumkin bo‘lgan miqdor 100 AQSh dollarini tashkil qilar edi.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda aholi banklarga 21,7 mlrd dollar miqdorida valyuta sotgan, 12 mlrd dollar valyuta sotib olgan. Jismoniy shaxslar valyuta operatsiyalarining ijobiy saldosi (9,7 mlrd dollar) ichki valyuta bozorida qo‘shimcha taklif yaratgan. Xalqaro pul o‘tkazmalari aholi tomonidan valyuta sotuvining asosiy manbai bo‘lgan.

Korrupsiya oqibatida davlatga qariyb 3 trln so‘m zarar yetkazildi

2025-yilda korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga 2,9 trln so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan. Bu turdagi jinoyatlar bo‘yicha 7517 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Bu haqda Oliy Majlis Senatiga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan taqdim etilgan O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruzada aytiladi.

Korrupsiyaga oid eng ko‘p jinoyatlar maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, mahalliy hokimliklar hamda tijorat banklarida qayd etilgan.

Bundan tashqari, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining har to‘rtinchisida korrupsiyaviy omillar aniqlangan. Davlat xaridlari sohasida esa 12,6 trln so‘mlik qonunbuzilishlar qayd etilgan.

Toshkentda skuter va moped haydovchilari bo‘yicha reyd o‘tkazildi

Toshkent shahrida kunduzgi va tungi reydlar davomida skuter, moped va velosiped haydovchilarining yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishi tekshirildi. Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati ma’lum qilishicha, reyd tadbirlari davomida harakat ishtirokchilari o‘rtasida profilaktik va tushuntirish ishlari ham olib borilgan.

Xususan, skuter, moped va velosiped haydovchilariga yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilish, harakatlanish vaqtida ehtiyotkor bo‘lish va himoya vositalaridan foydalanish zarurligi tushuntirilgan.

Shuningdek, reydlar davomida yo‘l harakati qoidalarini buzgan mototransport vositalari haydovchilari aniqlanib, ularga nisbatan belgilangan tartibda qonuniy choralar ko‘rilgan. YHXB ma’lumotiga ko‘ra, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va qoidabuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar muntazam davom ettiriladi.

Yarim yilda o‘g‘il bolalar ko‘proq tug‘ildi

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki olti oyida respublikada jami 373 389 ta tirik tug‘ilish holati qayd etilgan.

Shundan 192,9 ming nafari yoki 51,7 foizi o‘g‘il bola, 180,5 ming nafari yoki 48,3 foizi qiz bola bo‘lgan.

Shu tariqa, hisobot davrida O‘zbekistonda qizlarga nisbatan qariyb 12,4 ming nafar ko‘p o‘g‘il bola tug‘ilgan.

Tug‘ilishlarning 49 foizi shahar joylarida, 51 foizi esa qishloq hududlarida qayd etilgan. Shuningdek, yanvar–iyun oylarida respublika bo‘yicha har 1 ming nafar aholiga 19,6 ta tug‘ilish to‘g‘ri kelgan.